Prezident olimlar bilan ochiq muloqot qilmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-yanvar kuni Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasiga tashrif buyurib, olimlar, yosh tadqiqotchilar, ishlab chiqarish vakillari va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari bilan uchrashdi.

Mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, joriy yilda esa, hammamizga maʼlum, yil nomiga munosib ravishda bunday eʼtibor kuchaytiriladi. Sohadagi dolzarb masalalar hal etilib, ilmiy-tadqiqot faoliyati qoʻllab-quvvatlanadi. Yangi ilmiy muassasalar va yoʻnalishlar tashkil etilishi shular jumlasidan.

2019-yil 29-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasining “Ilm-fan va ilmiy faoliyat toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi. Uni hayotga tatbiq etishning amaliy platformasini yaratish maqsadida Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashi tashkil etildi.

Fanlar akademiyasi va uning institutlariga “yangidan hayot baxsh etish” natijasida tizimdagi ilmiy muassasalar soni 20 tadan 35 taga yetdi. Akademiyaga saylovlar qayta tiklandi. Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etildi, bir qator innovatsiya markazlari, ilmiy klaster va texnoparklar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Oʻtgan uch yilda ilm-fan sohasini moliyalashtirish 4 karra koʻpaydi. Ilmiy xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish maqsadida ularning ish haqlari 3 barobar oshirildi. Fan doktori va nomzodlari uchun alohida ustama haq belgilandi.

Joriy yildan Fanlar akademiyasi tizimidagi tashkilotlar toʻgʻridan-toʻgʻri davlat byudjetidan moliyalashtirishga oʻtkazildi.

Bugungi uchrashuvda davlatimiz rahbari ilm-fan vakillarini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash bundan keyin ham izchil davom ettirilishini taʼkidladi.

– Endi olimlarimiz ham masʼuliyatni chuqur his qilgan holda, tadqiqotlarning amaliy natijalari bilan tegishli sohalar rivojiga munosib hissa qoʻshishlari lozim. Nufuzli akademiklardan ham, ilm-fan sohasiga ilk qadam qoʻyayotgan yosh olimlardan ham katta shijoat va amaliy natijadorlik qilish talab etiladi, – dedi Prezident.

Uchrashuvda matematika, kimyo-biologiya va geologiya ilmini rivojlantirish, kelgusi yillardagi taraqqiyot yoʻnalishlarini belgilash toʻgʻrisida ochiq muloqot boʻlmoqda.

 

O’zA