Bugun, 1-noyabr kuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev SHHTga aʼzo davlatlar Hukumatlar rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizda amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, oliy darajada ochiq hamda ishonchga asoslangan muloqot yoʻlga qoʻyilgani va bu Oʻzbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yangi darajaga koʻtarganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Rashid Meredov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika, qishloq xoʻjaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etildi.
Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish muhim ekani taʼkidlandi.
Shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, jumladan, kelgusida ikki va koʻp tomonlama formatda oʻtadigan oliy darajadagi tadbirlarni inobatga olgan holda koʻrib chiqildi.