AQSH Kongressi respublikachi Donald Trampning prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganini rasman ma’qulladi. Bu haqda qonunchilar qo‘shma yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Xabar qilinganidek, 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda 312 saylovchi ovozini qo‘lga kiritgan Trampga jami 77,3 million kishi ovoz bergan. Mag‘lubiyatga uchragan demokrat Kamala Xarris  esa 226 saylovchi qo‘llovi va 75 million ovozga ega bo‘ldi.

Navbatdagi inauguratsiya marosimi 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadi. AQSHning 45 va 47-prezidenti sifatida tarixda qoladigan Tramp mamlakatda XIX asrdan beri to‘rt yillik tanaffusdan so‘ng Oq uyga qaytgan ilk siyosatchidir.