Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi o‘z ishini boshladi. Unda bir qator qonun loyihalari muhokamasi ko‘zda tutilgan. Yig‘ilishda dastlab sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Mazkur loyiha bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktorining birinchi o‘rinbosari Shavkat Haydarov ma’ruza qildi:

— Mamlakatimizda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Davlatimiz rahbarining tegishli farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi bilan qonunchiligimizda yangi Majburiyatlar reyestri institutini joriy etish nazarda tutilmoqda. Loyihaning ahamiyati shundaki, yildan-yilga fuqarolar va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar  o‘rtasida shartnomaviy munosabatlarning ko‘payib borayotgani o‘z navbatida, muammoli qarzdorliklarning yuzaga kelishiga ham sabab bo‘lmoqda.

Shu bois sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishdan har qanday bo‘yin tovlashlarning oldini olishni takomillashtirish zarurati tug‘ilmoqda.

Bugungi kunda amaldagi qonunchilikka muvofiq, qarzdorning unduruvga qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulki yoki daromadlari mavjud bo‘lmasa, ijro ishi yuritish tugatilishi belgilangan. Shu bilan birga, qarzdorlikning tugatilishi qarzdorga nisbatan qo‘llanilgan barcha cheklovlarning ham bekor qilinishiga sabab bo‘ladi. Sud ijrosi tugallanganidan so‘ng qarzdorning mulk ahvolini kuzatib borish imkoniyati byuro organlarida mavjud emas, qonunchilikda ham mustahkamlanmagan. Bu kabi holatlar turli e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan Majburiyatlar reyestrini joriy etish va qarzdorning mol-mulki yoki pul mablag‘lari Majburiyatlar reyestrida aniqlangan taqdirda, ijro ishini qayta tiklash nazarda tutilmoqda. Shuningdek, Soliq kodeksida Majburiyatlar reyestriga kiritilgan soliq qarziga penya hisoblanmasligi belgilanmoqda.

Majlisda qonun loyihasining qabul qilinishi sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini to‘liq va so‘zsiz ijro etilishini ta’minlashga xizmat qilishi, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilishi ta’kidlandi.

Muhokamalar davomida bir qator deputatlar tomonidan bir qator savollar o‘rtaga tashlandi va mas’ullar tomonidan javoblar qaytarildi. Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA