Tibet avtonom okrugiga qarashli Tingri hududiy Madaniyat va turizm departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Yer yuzidagi eng baland cho‘qqi hisoblangan Everest tog‘i landshaft parki kuchli zilzila yuz bergach, 7 yanvardan boshlab sayyohlar uchun vaqtincha yopildi.
Jomolungmaning shimoliy tayanch qo‘nalg‘asi shu hududda joylashgan.
“2025 yil 7 yanvar kuni soat 9.05 da Shigatse Urban tumanida sodir bo‘lgan 6,8 magnitudali zilzila tufayli sayyohlar va xodimlarning hayoti va mulkini himoya qilish maqsadida Everest landshaft parki yopiladi.”, — deyilgan bayonotda.
Rasmiylar keyinroq ochilish vaqti haqida alohida xabar beradi.
Xitoy va Nepal chegarasida joylashgan Everest yoki Jomolungma Himoloy tizimining bir qismidir. Tog‘ning dengiz sathidan balandligi 8848,86 metr. Ushbu eng baland cho‘qqi ilk bor 1953 yil zabt etilgan. XXR rasmiylariga ko‘ra, 2024 yil Xitoydan Jomolungmaga 13 764 chet ellik sayohatchi borgan.
Bugun sodir bo‘lgan, markaziy nuqtasi 10 kilometr chuqurlikda qayd qilingan zilzila epitsentriga nisbatan 20 kilometr aylanada joylashgan 3 shahar, 27 qishloqda jami 6 900 ga yaqin aholi istiqomat qiladi.
Hozirgacha rasman yer qimirlashi oqibatida 53 kishi vafot etgani, 62 kishi turli darajada jarohat olgani tasdiqlangan. Seysmologlar hammasi bo‘lib 49 marta silkinishni aniqlagan.
XXR raisi Si Szinpin Markaziy televideniyega bergan intervyusida Tibetdagi zilziladan so‘ng qidiruv-qutqaruv ishlari olib borish va qurbonlar sonini kamaytirish uchun bor imkoniyatni ishga solish bo‘yicha ko‘rsatma berilganini ta’kidladi.
— Jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish, ikkilamchi salbiy oqibatlarning oldini olish, tabiiy ofat qurbonlarini to‘g‘ri joylashtirish va yordam ishlarini sifatli olib borish uchun barcha sa’y-harakatni amalga oshirish zarur, — degan davlat rahbari. — Shuningdek, zilzilani kuzatish, erta ogohlantirish tizimini kuchaytirish, shikastlangan infratuzilmani imkon qadar tezroq tiklash, odamlar uchun asosiy yashash sharoitini ta’minlash, qishni issiq va xavfsiz o‘tkazishini ta’minlash zarur.
Go‘zal Sattorova, O‘zA