Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlarni muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

— Mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhit muhofazasini kuchaytirish, ekologik vaziyatni yaxshilash, iqlim o‘zgarishlarining oldini olish va unga moslashish, daraxtzorlardan oqilona foydalanish, aholining madaniy dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, — dedi deputat, qo‘mita raisi X.G‘afforov. — Xususan, daraxtlar va butalarning kesilishiga moratoriy e’lon qilinib, butun mamlakat miqyosida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yangi madaniy hordiq chiqarish maskanlari barpo etilyapti. Ammo davlat mulki hisoblangan umumiy foydalanishdagi istirohat bog‘lari, sayilgoh, xiyobon va daraxtzorlar hududida bino-inshootlarni qurish amaliyoti kengayib borayotgani sababli ko‘p yillik daraxtlarning kesilishi, atrof-muhitni ifloslanishi oqibatda aholining haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Mazkur qonun loyihasida davlat mulki hisoblangan hamda aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlarni yoki ularning bir qismini xususiylashtirish yoxud boshqacha tarzda begonalashtirish, ushbu yerlarda binolar va inshootlarni qurish (bundan yengil turdagi ob’ektlar mustasno) yoki mavjud binolar va inshootlarning qurilish maydonlarini kengaytirish, shuningdek, bu yerlarning hududini qisqartirish taqiqlanmoqda.

Ma’ruzachi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator yig‘ilishlar, seminarlar o‘tkazilgani, ularda deputatlar bergan barcha takliflar chuqur tahlil qilinib, asosli deb topilganlari loyiha matnida aks etgani va hujjat har tomonlama pishiq-puxta holatga keltirilganini qayd etdi.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasining qabul qilishini “yashil”, ko‘kalamzor zonalarni muhofaza qilish, aholining madaniy hordiq chiqarish maskanlari muhofazasini kuchaytirish, ekologiya va atrof-muhitning yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi moddama-modda ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA