Turar joylarni ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida murojaat etmaslik jarimasi kamaytirilmoqda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida yer uchastkalaridan foydalanish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Bugungi kunda yer va shaharsozlik qonunchiligi talablariga rioya etish maqsadida yer uchastkalarining foydalanish maqsadini aniqlashtirish, yer uchastkalari foydalanuvchilari, ijarachilari va mulkdorlarining yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari bo‘yicha xabardorligini oshirish zarurati yuzaga kelmoqda.
Ko‘plab tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolar biror-bir faoliyat turini amalga oshirish uchun olingan yer uchastkalaridan foydalanish turini ruxsatsiz o‘zgartirib, yer va shaharsozlik qonunchiligi talablariga zid ravishda boshqa maqsadlarda foydalanish holatlari uchramoqda. Shunga ko‘ra, qonunchilikda yer uchastkalaridan ruxsat etilgan turlarini belgilash hamda bundan yer uchastkalari foydalanuvchilari, ijarachilari hamda mulkdorlari xabardor bo‘lishini ta’minlash normalarini joriy etish zarurati yuzaga kelmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ikkinchi o‘qishda muhokama qilingan yer uchastkalaridan foydalanish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ayni masalalarga qaratilgan.
Qayd etilganidek, qonun loyihasida 3 ta kodeks va 5 ta qonunda yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish tizimini joriy etish, ularni belgilash va o‘zgartirish tartiblari aks etmoqda. Qolaversa, aholining ko‘p sonli taklif va e’tirozlari inobatga olingan holda fuqarolar tomonidan turar joylarga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun o‘z vaqtida murojaat etmaslik yuzasidan belgilangan javobgarlik yengillashtirilmoqda, ya’ni jarima miqdori kamaytirilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida yer uchastkalaridan ruxsat etilgan foydalanish turlari belgilanishiga va bundan yer uchastkalari foydalanuvchilari, ijarachilari hamda mulkdorlari xabardor bo‘lishiga, yer resurslaridan oqilona foydalanish va boshqarish samaradorligini oshirish, yer uchastkalaridan foydalanish jarayonida yer va shaharsozlik qonunchiligi o‘rtasidagi munosabatlarni ta’minlashga xizmat qiladi. E’tiborlisi, davlat yer va shaharsozlik kadastrlarini yuritish tartibini takomillashtirish hamda turar joyga bo‘lgan huquqini o‘z vaqtida davlat ro‘yxatidan o‘tkazmagan fuqarolarga nisbatan ma’muriy javobgarlik yengillashtirilishiga erishiladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA