O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda. Dushanbe shahrida qurilish materiallari bo‘yicha navbatdagi O‘zbekiston savdo uyining ochilishi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tashabbusi bilan amalga oshirilgan mazkur loyiha savdo aloqalarini kengaytirishga qaratilgan. Bu tashabbus ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasida yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratishga zamin hozirlaydi.
Ochilish marosimida uyushma boshqaruvi raisi Baxtiyor Boboqulov, O‘zbekistonning Tojikistondagi Favqulodda va muxtor elchisi, tadbirkorlar va OAV vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida qatnashchilar savdo uyida yaratilgan sharoitlar, qurilish materiallari ko‘rgazmasi va ularning narxlari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. Shuningdek, tadbir doirasida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida B2B uchrashuvlar tashkil etildi.
2024 yil natijalariga ko‘ra, Tojikiston O‘zbekistonning qurilish materiallari eksporti bo‘yicha eng yirik bozorlaridan biri bo‘lib, yil davomida ushbu davlatga 115 million dollarlik mahsulot yetkazib berilgan. Eksportda metall buyumlar, sement, keramika mahsulotlari va PVX profil kabi qurilish materiallari yetakchilik qilgan. Shuningdek, yangi turdagi mahsulotlar – gazobeton bloklari, issiqlik saqlovchi plitalar va tabiiy toshlar yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Uyushma axborot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston savdo uyi nafaqat eksport hajmini oshirish, balki tadbirkorlar o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi tomonidan Boku va Qobul shaharlarida tashkil etilgan shunday savdo uylari ijobiy natijalarga erishgani qayd etildi.
Xulosa qilib aytganda, Dushanbe shahrida ochilgan O‘zbekiston savdo uyi ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamdir. Ushbu tashabbus nafaqat mintaqadagi savdo hajmini oshiradi, balki iqtisodiy hamkorlikning yangi bosqichini yaratishi kutilmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA