6 yanvar kuni Shimoliy Koreya navbatdagi giper tovushli ballistik raketa uchirdi, sinovni mamlakat rahbari Kim Chen In kuzatdi, deb yozdi mamlakat Markaziy telegraf agentligi.

“KXDR Raketasozlik bosh boshqarmasi yana bir raketa sinovini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Davlat yetakchisi eng yangi o‘rta va uzoq masofaga mo‘ljallangan giper tovushli ballistik qurilma amaliyotini video havola orqali tomosha qildi”, — deyilgan xabarda.

Pxenyan yaqinidagi maxsus maydondan shimoli-sharqqa tomon uchirilgan siljish kallagi tovush tezligidan 12 marta tez harakatlandi. Mo‘ljallangan trayektoriya bo‘ylab uchish davomida “dastlabki eng yuqori balandlik 99,8, ikkinchi maksimal ko‘tarilish esa 42,5 kilometrni tashkil etdi. Bunday salohiyat uchish joyidan 1500 kilometr masofada, ochiq suvdagi hududga aniq zarba berish imkonini beradi.

Avvalroq “Yonhap” agentligi Janubiy Koreya shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasiga tayanib, KXDR Pxenyan hududidan Yapon dengizi tomon 2025 yildagi ilk ballistik raketani uchirgani haqida ma’lum qilib, bu o‘tgan yil yanvar va aprel oylarida sinovdan o‘tkazilgan giper tovushli kallaklar bilan qurollangan o‘rta masofali qurilmaga o‘xshash giper tovushli raketaligini taxmin qilindi.

Agentlik ta’kidlaganidek, bunday turdagi qurol nazariy jihatdan Pxenyandan taxminan 3400 kilometrda joylashgan Guamdagi AQSH harbiy bazasiga zarba berishga qodir.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida KXDR Vashingtonga qarshi kurashish uchun “eng qat’iy” strategiyadan foydalanishga tayyorligini bildirib, Janubiy Koreya, AQSH va Yaponiya hamkorligi “tajovuzkor harbiy blok”ka aylanganini ta’kidlagandi.

G.Sattorova, O‘zA