Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Tashabbus – 2017” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Fermerlar kengashi va “Hunarmand” uyushmasi tomonidan turli vazirlik va idoralar ko‘magida har yili o‘tkazilayotgan ushbu ko‘rik-tanlov kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, fermerlik harakatini qo‘llab-quvvatlash, milliy hunarmandlik an’analarini asrab-avaylash va yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘layotir. Unda mazkur ko‘rikning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichi g‘oliblari ishtirok etdi.

Tanlovda qatnashish istagida bo‘lganlar yildan-yilga ortib borayotgani uning ahamiyati va ko‘lami kengayayotganidan dalolat beradi. Joriy yilda ushbu tanlovning tuman va shahar bosqichlarida 576 tadbirkorlik subyekti ishtirok etdi. Hakamlarning yuqori baholariga sazovor bo‘lgan 41 ishtirokchi “Tashabbus – 2017” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.

Kichik biznes bozor kon’yunkturasiga tez moslashadi. Mamlakat iqtisodiyoti, odamlarning daromad manbai barqarorligini saqlashda, yangi ish o‘rinlari yaratishda mazkur soha muhim o‘rin tutadi. Xususan, jahon bozorida raqobat keskinlashib borayotgan bir paytda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik milliy iqtisodiyotimizning muttasil o‘sishini ta’minlashda, xalqimiz farovonligini oshirishda ulkan ahamiyat kasb etmoqda.

24.JPG

Xorazmlik tadbirkor Ro‘ziboy Bekmetov ulardan biri. Uning 2009-yil faoliyat boshlagan «Feedgran» agrosanoat majmuida tuxum va omixta yem ishlab chiqarilmoqda. Germaniya texnologiyasi o‘rnatilgan majmuada 220 ming bosh tovuq parvarishlanmoqda. O‘tgan yili qariyb 550 ming dollarga tuxum eksport qilindi.

– Korxonamizda Shveytsariyada ishlab chiqarilgan parranda, baliq, chorva uchun granulalangan va granulalanmagan omixta yem ishlab chiqarish texnologiyasi ham o‘rnatilgan, – deydi R.Bekmetov. – O‘tgan yili 7 ming tonnadan ziyod omixta yem ishlab chiqarilgan bo‘lsa, uning teng yarmi eksportga chiqarildi. Yil davomida ko‘rilgan sof foyda 660 million so‘mdan oshdi. Bu yil sayin rivojlanib borayotganimizdan dalolat beradi. Bunday samaradorlikka Prezidentimizning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlayotgani, mamlakatimizda biznes yuritish uchun qulay sharoitlar yaratilayotgani, imtiyoz va preferensiyalar berilayotgani tufayli erishmoqdamiz.

Mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan bir qatorda fermerlarning ham samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.

Toshkent viloyatidan Tohir Sayramov mamlakatimizda yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib kelayotgan fermerlardan. Uning ko‘p tarmoqli «Shoshtepa shams» fermer xo‘jaligida chorvachilik, baliqchilik, parrandachilik bilan birga meva-sabzavot mahsulotlari, go‘sht va sutni qayta ishlash, ularni qadoqlash uchun sopol idishlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Toshkent shahridagi yirik tarmoqli supermarketlarda «Shoshtepa shams» brendi bilan ishlab chiqarilayotgan ekologik toza sut, qatiq va boshqa sut mahsulotlari sotilmoqda.

17.JPG

Hunarmandlarning rang-barang stendlari “Tashabbus – 2017” ko‘rik-tanloviga kelganlarning alohida e’tiborini tortdi. Xalq ustalari tomonidan yaratilgan noyob buyumlarni ko‘rib, ularning badiiy fantaziyasi va mahoratiga qoyil qolasiz. Bu yerda Sharq miniatyurasi asarlari, yog‘ochdan yasalgan, sopol buyumlar, zargarlik bezaklari, bolalar krovati va beshiklar, boshqa ko‘plab turli mahsulotlarni ko‘rish mumkin.

– Hunarmandlarning erkin faoliyat yuritishi, salohiyatini namoyish qilishi uchun barcha sharoit yaratilgan, – deydi Surxondaryo viloyatidan kelgan Dmitriy Inyushev. – Yoshligimdan kulollik buyumlari, taqinchoqlar va o‘yinchoqlar yasash bilan qiziqardim. Hozir milliy liboslarni zamonaviy liboslar bilan uyg‘unlashtirib, yangi dizayndagi mahsulotlar yaratmoqdaman. Kakaydi qo‘rg‘onida yashovchi xotin-qizlarga milliy hunarmandlik sirlarini o‘rgatmoqdaman. Kelgusida «Surxon kashta maktabi», «Kulol va gilam» sexlari faoliyatini tashkil etish rejasini tuzganman.

“Tashabbus – 2017” ko‘rik-tanlovi g‘oliblarining nomlari e’lon qilindi. Ular uchta asosiy – «Yilning eng yaxshi tadbirkori», «Yilning eng yaxshi fermeri» va «Yilning eng yaxshi hunarmandi» yo‘nalishida taqdirlandi.

«Yilning eng yaxshi tadbirkori» nominatsiyasida Toshkent viloyatidagi “Torimed Pharm” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ahadjon Shukurov g‘olib bo‘ldi. Buxoro viloyatidan Ahmad Arabov «Yilning eng yaxshi hunarmandi» deb e’tirof etildi. Andijon viloyatidagi “Baxt imkon rivoj chorvasi” fermer xo‘jaligi rahbari Faxriddin Ismoilov «Yilning eng yaxshi fermeri» deb e’lon qilindi.

– Bunday nufuzli tanlovda g‘olib bo‘lish katta sharaf, – deydi 2017-yilning eng yaxshi fermeri Faxriddin Ismoilov. – Raqobat juda kuchli bo‘ldi. Chunki ko‘rik-tanlovda eng ilg‘or va salohiyatli tadbirkorlar qatnashdi. Mamlakatimizda bunday tashabbuskorlar ko‘p va ular turli sohalarda faoliyat yuritmoqda. Istiqbol uchun belgilagan rejalarimiz talaygina, jumladan, xalqaro bozorga chiqishni mo‘ljallaganmiz. Shu bois yanada ko‘proq mehnat qilib, ko‘rsatilgan ishonchni oqlashga harakat qilamiz.

«Yilning eng yosh tadbirkori», «Yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli», «Eng yaxshi innovatsion loyiha», «Yoshlarga eng ko‘p ish joyi yaratgan tadbirkor», «Yilning eng yaxshi eksportchisi» va «Respublika ichki bozorida talab bo‘lgan yangi turdagi iste’mol mahsulotlarini ishlab chiqqanlik uchun» kabi nominatsiyalar g‘oliblari ham e’lon qilindi.

Asosiy nominatsiyalar g‘oliblariga Prezidentimiz sovrini – “Spark” avtomobili, ikkinchi va uchinchi o‘rin sohiblariga pul mukofotlari, maxsus nominatsiyalar sovrindorlariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. G‘oliblar xalqaro tanlovlar, yarmarkalar, seminarlarda ishtirok etishi, o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha chet elda malaka oshirishi mumkin.

“Tashabbus – 2017” ko‘rik-tanlovi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi san’at ustalari va yosh ijrochilarning konserti bilan yakunlandi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘.Ibragimov so‘zga chiqdi.