Dzyudo: Sharofiddin Lutfullayev olimpiada reytingida peshqadam!

Xabaringiz bor, 31-avgust kuni Yaponiya poytaxti Tokio shahri mezbonlik qilgan dzyudo boʻyicha jahon chempionati bahslari oʻz yakuniga yetdi.
Xalqaro dzyudo federatsiyasi musobaqadan keyin yangi olimpiada reytingini eʼlon qildi. Biz uchun quvonarlisi, 60 kg.gacha vazn toifasida jahon chempionatining kumush medalini qoʻlga kiritgan hamyurtimiz Sharofiddin Lutfullayev avval egallab turgan oʻrni – toʻrtinchi pogʻonadan birvarakayiga reyting peshqadamiga aylandi. Endilikda Surxondaryo zaminida tugʻilib oʻsgan polvon hisobida 3 607 ochko bor.
Reytingning ikkinchi pogʻonasidan 3 510 ochko bilan jahon chempionatining bronza medali sovrindori qozogʻistonlik Yeldos Smetov joy olgan. Amaldagi jahon chempioni gruziyalik Lukxumi Chxvimiani esa 3 386 ochko bilan kuchli uchlikka yakun yasab bergan. Shu kunga qadar reytingni boshqarib kelgan yaponiyalik dzyudochi esa yangi reytingda 4-oʻringa tushib ketdi.
Umid qilamizki Sharofiddin Lutfullayev reytingdagi peshqadamligini endi Tokio olimpiadasiga qadar boy bermaydi va toʻrt yillikning eng nufuzli sport anjumanida ham Vatanimiz sharafini munosib himoya qiladi.

 

OʻzA