Qurʼa natijalari qaysi jamoalarning imkoniyatini oshirdi?

Kecha Oʻzbekiston kubogi hamda Liga kubogining yarim final oʻyinlariga qurʼa tashlandi.
Qurʼa Oʻzbekiston kubogida AGMK hamda “Paxtakor” jamoalari imkoniyatlarini oshirdi. Sababi, bu jamoalar raqiblari “Bunyodkor” hamda “Nasaf”ni oʻz maydonlarida qabul qilishadi. Sir emaski, oʻz uyingda “devorlar ham seni suyab yuboradi”…
Liga kubogi qurʼasida esa omad yana AGMK va bu safar “Qoʻqon-1912” jamoalariga kulib boqdi. Bu jamoalar “Dinamo” hamda “Paxtakor”ga qarshi kechadigan oʻyinlarda mezbon vazifasini bajaradigan boʻldi.
Qurʼa natijalari:
Oʻzbekiston kubogi
AGMK – “Bunyodkor”
“Paxtakor” – “Nasaf”
Olmaliq va Toshkentdagi uchrashuvlar 26-sentyabr kuni oʻtkaziladi. Bir uchrashuvdan iborat boʻlgan oʻyinda gʻalaba qozongan jamoa finalga yoʻllanma oladi.
Liga kubogi
AGMK – “Dinamo”
“Qoʻqon-1912” – “Paxtakor”
Olmaliq va Qoʻqondagi uchrashuvlar 22-oktyabr kuni oʻtkaziladi. Bunda ham gʻolib jamoaga final yoʻllanmasi taqdim etiladi.

 

Oybek YUNUSOV, OʻzA