Kurash: jahon chempionatining dastlabki kunida polvonlarimiz beshta medal qoʻlga kiritdi

Shu kunlarda Janubiy Koreyaning Chongdu shahrida boʻlib oʻtayotgan Butunjahon jang sanʼatlari festivali doirasida kurash boʻyicha jahon chempionati ham oʻtkazilmoqda. Unda Oʻzbekiston terma jamoasi ham toʻliq tarkibda ishtirok etishi haqida xabar bergandik.
Kecha oʻtkazilgan bellashuvlar hamyurtlarimiz uchun omadli kechdi va musobaqaning dastlabki kunida polvonlarimiz ikkitadan oltin va kumush hamda bitta bronza, jami 5 ta medalga sazovor boʻlishdi. Bu haqda Oʻzbekiston kurash milliy federatsiyasi matbuot xizmati xabar qiladi.
Jumladan, erkaklar oʻrtasida 60 kg.gacha vazn toifasida gilamga tushgan hamyurtimiz Abror Jabborov shohsupaning eng yuqori pogʻonasiga koʻtarildi. U finalda Turkmaniston terma jamoasi aʼzosi Shomuhammad Qurbonovni magʻlub etdi.
Vazni 66 kg.gacha boʻlgan polvonlar oʻrtasidagi bahslarda esa yana bir yurtdoshimiz Qobiljon Ahmedov kumush medalga sazovor boʻldi. Qobiljon finalda yaponiyalik kurashchi Eiki Goyaga yutqazib qoʻydi.
73 kg.gacha vazn toifasida navoiylik Umid Esonov kurash boʻyicha jahon chempioni, nomini qoʻlga kiritdi. U finalda yana bir turkmanistonlik polvon Muhammad Temirov ustidan chiroyli uslubda gʻalaba qozondi va Oʻzbekistonga ikkinchi oltin medalni taqdim etdi.
Ayollar oʻrtasidagi bellashuvlarda esa 87 kg.gacha vazn toifasida Rahima Yoʻldosheva bronza medaliga ega chiqqan boʻlsa, 87 kg.dan yuqori vazn toifasida Rinata Ilmatova ham kumush medal bilan cheklandi.
Janubiy Koreyada oʻtkazilayotgan Butunjahon jang sanʼatlari festivali doirasidagi kurash boʻyicha jahon chempionati bahslari davom etmoqda. Umid qilamizki hali yurtimiz polvonlari Oʻzbekistonga yana medallar taqdim etishadi.

 

O.ESHMAMATOV, OʻzA