Arab Shayhi: menga jannatni emas Oʻzbekistonni tasvirlab bering

Shuhrat bobo hamda Fotima momoning Muborak Haj safaridan qaytganiga ham uch yil boʻlibdi. Ammo, otaxonning Makka koʻchalaridagi bir arab shayxi bilan boʻlgan suhbati taassurotlaridan hali ham hayratdaman. Bu men uchun ibrat va shukronalik neʼmati. Nega?
Oʻylab koʻraylik, oddiy bir oʻzbekning kundalik hayoti tasviri badavlat bir arab shayxi nazdida jannatni tasvirlashdek qiymatga ega ekan, nega hadeb hayotdan nolish, atrofda boʻlayotgan bunyodkorlik, obodlikni atayin nazarga ilmaslik, aslida hayot neʼmati boylik emas xotirjam oʻtgan bir kun bilan qiyoslanishini tan olmasligimiz kerak. Nega bu musaffo osmon, bu saxovatli zamin, bu chugʻurchuq nabiralar aslida baxt ekanligini anglab yetmasligimiz kerak.
Nega bu neʼmatlar qadrini anglagandan keyin attang deya peshonaga urishimiz kerak.
Mana shu kabi xayollar Makka koʻchalarida Shuhrat bobo va arab shayxi oʻrtasidagi suhbatni yana bir bor eslashga asos boʻldi.
Esimda, Makka koʻchalarida ikki odam mashinasidan tushi b yonimga keldi. Oppoq soqolimga tikildi-da, kamzulimga qarab “Yuzingizdan nur yogʻiladi. Qayerdansiz?”-deb qoldi.
Shunda men: “Behisob shukr, Oʻzbekistondanman”-dedim.
Nogahon, “Otaxon, men asli oʻzbekman. Qatagʻon davrida ota-onam shu yerda panoh topgan. Ota yurtim Oʻzbekiston. Uzr, bu janob saudiyalik arab shayxlaridan. U sizdan
yurtingiz hayoti, bir kunlik hayotingiz qanday oʻtishini soʻragisi kelyapti” – deb qolsa boʻladimi? Keyin bilsam u yigit tilmoch ekan.
– “Mayli bolam, sadqai suxaning. Jonim bilan. Azonda uygʻonaman. Kelinlarim baraka topsin, issiq suv-u sochiqlarni hozirlab qoʻyishadi. Joynamoz ustida yurtimiz tinchligi, nabiralarim kelajagini soʻrayman. Azonlab dalaga joʻnayman. Quyoshni uygʻotish ilinjida bedana-yu, bulbul xonishi, qaldirgʻochlarning shoʻx raqslarini miriqib tomosha qilaman. Har ketmon urganda, Xudodan rizq-nasiba soʻrayman. Nonushtaga tirsillab yorilgan qovun, qirsillagan olmalarni bogʻimdan uzib xonadonimga shoshaman. Shirmoy yuzli nabiralarimni tizzamga qoʻyamanda, sersut sigirimning qaymogʻini obi nonga botirib mazza qilib tanovul qilamiz. Boshqalarni bilmadim-u, mening xonadonimda chaqaloq va non ifori doim ufurib turadi. Soʻri atrofidagi sadarayhonni aytmay qoʻyay. Kampirim baraka topsin gullardan koʻzlarim quvnashini biladi. Uyimning har burchagidan beshikning gʻiychillashi-yu, avlodim davomchilariga aytilayotgan alla sadolari ostida yana dalaga joʻnayman. To kun qiziguncha, qirdagi intensiv bogʻimga shoʻngʻiyman. Nogahon bogʻ yaqinidagi buloqning zilol suvida chayqalib suzayotgan olmalarni koʻrib ishtaham ochiladi. Belbogʻimdagi nonni musaffo buloq suviga botirib paqqos tushiraman. Quyosh tikka boʻlgach, oilamga chopaman. Qirsillagan tarvuzdan nabiralarim chapak chaladi.
Biroz pinakka ketib soʻngra choyxonaga chiqaman. Olov hidi ufurib turgan pamil choyni sipqorib nuroniy chollar bilan gurung qilaman. Biz oʻtirgan shotining ostidan muzdek anhor oqadi. Nogoh Xizr alayhissalom haqida oʻylayman. Xizr alayhissalom oʻtirgan joy, namoz oʻqigan choʻllar yam-yashil, qurigan oʻt-oʻlanlar chayqalib koʻkarishidek karomatga imon keltiraman. Xizr degani “yam-yashil” deganida bolam.
Boʻlmasa choʻlning qoq oʻrtasida Samarqandu Buxoro, Xiva-yu Shahrisabz nima qilsin. Qizilqum sahrosi yuragida Nurota chashmasiga nima bor?
Ostona hatlab uyga kirsam, dimogʻimni palovxontoʻraning isi qitiqlaydi. To men qoʻl uzatmaganimcha, hech kim taomga qoʻl uzatmaydi. Soʻngra oʻgʻillarim ishkomdan saratonning oftobiga qizargan uzumlardan olishadi.
Nabiralarim ertak eshitish ilinjida oyoq-qoʻllarimni uqalay boshlaydi. Biram rohatki, taʼrifga til ojiz. Bolam bir kunlik hayotim shu” – deb tarjimonga yuzlanibdi.Ha aytgancha, esim qursin. Bolam bir gapni aytmasam boʻlmaydi. Bir kuni yoʻlda ketayotsam qoʻqqisdan, adirlikda terak novdasiga koʻzim tushib qoldi. Adirda terak qadagan chala bogʻbondan achchigʻim chiqdi. Birdan xandon otib kulib yubordim. Sababi, oʻsha choʻpni oʻtgan yili choʻponlar adirga suqib ketishgan.
Yerga suqilgan terak shohi esa niholga aylanibdi. Jannatmakon Oʻzbekistonda!
Mana sen paygʻambar avlodiman deysan bolam. Qurʼonni bilasan. Zamaxshariy bobom yozgan arab grammatikasi oʻqigansan maktabda, barakalla. Al-Buxoriy bobom toʻplagan “Saxixiy Buhoriy” kitoblarini oʻqigansan. Endi Qurʼondagi oyatlarni bir esla.
Alloh Qurʼonning Tavba surasida “Alloh moʻminlarga ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu yashaydigan jannat (bogʻ)laridagi yoqimli maskanlarni vaʼda qildi. Allohning rizosi esa, (hammasidan) buyukroqdir. Ana shu(lar) ulkan yutuqdir” (72-oyat) deya xushxabar bergan.
Senga bir maslahat beray. Oʻzbekistonga bor. Shunda ushbu oyatning bu dunyodagi tasvirini koʻrasan. Yam-yashil ishkom ostidan oqib oʻtayotgan anhorga razm solasan. Kavsar bulogʻidek tiniq va shaffof. Anhor ustidagi soya-salqin soʻridan tushmay shundoq tepaga qoʻl choʻzasan, dunyo bozorlarida talash Parkent uzumi, yon tomonga qoʻl choʻzsang koreyslar sevgan gilos, yaponlarni lol qoldirgan nashvati noklarni koʻrginda keyin meni esla.
Tilmochning tarjimasidan soʻng arab shayxining bir yuzi jilmaysa, ikkinchi yuzi hayratdan qotganmish. Otaxonning aytishicha, niqob qiroli Jim Kerri hijolatmish. Arab tilmochga allanimalar debdi.
Shunda tilmoch:
-Kechirasiz otaxon, bu janob javobingizdan hayron. Ochigʻi, suqilgan tayoqni koʻkartirayotgan jannatmakon zamin, tars yorilgan qovun-u, buloqda oqib kelayotgan qirmizi olmalar, muzdek suvda botirib paqqos tushirilgan non, yam-yashil ishkom ostidan oqib oʻtayotgan kavsar bulogʻidek tiniq va shaffof anhor ustidagi soʻridan tushmay kirsillagan uzum, tilyorar nashvati noklarni uzib olish…Toʻgʻrisi men ham oʻzbekman. Ochigʻi ishonmayapman. Shuning uchun mana bu arab hayratda. Sizga soʻrayaptiki, “Iltimos, jannatni emas, yurtingizni tasvirlab bering!”
Jonibek SHUHRATOV, Navoiy viloyat adliya boshqarmasi masʼul xodimi,

 

OʻzA