Ichki ishlar organlari xodimlari taqdirlandi

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida mamlakatimiz Mustaqilligining 28 yilligiga bagʻishlangan “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” shiori ostida tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, polkovnik A.Temirxanov va boshqalar yigʻilganlarni eng ulugʻ, eng aziz bayram – Mustaqilligimizning 28 yilligi bilan qutladi. Mamlakatimizda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar oʻz samarasini berayotgani, bu jarayonda tizimda oʻzining bor imkoniyati, tajribasini safarbar etib, halol mehnat qilayotgan xodimlarning oʻrni katta ekani taʼkidlandi.
Prezidentimizning tegishli farmoniga muvofiq mamlakatimiz Mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayrami arafasida milliy manfaatlarimizni himoya qilish va tinchlikni taʼminlash, barqarorlik va jamoat tartibini mustahkamlash borasidagi xizmat burchini bajarish chogʻida mardlik, jasorat va fidoyilik koʻrsatgani uchun harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan bir guruhi faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan edi.
Ularning orasida Beruniy tumani ichki ishlar boʻlimi huquqbuzarliklar profilaktikasi katta inspektori Mahmud Urazmetov ham bor. Tadbirda unga “Shuhrat” medali tantanali ravishda topshirildi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan bir guruh ichki ishlar organlari xodimlari navbatdagi unvon, koʻkrak nishoni, faxriy yorliq bilan taqdirlandi.
Tadbir Nukus shahrining markaziy maydonida davom etdi. Bu yerda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasiga 8 ta, Tergov boshqarmasiga 1 ta, vazirlikning tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadiga 2 ta maxsus xizmat avtomashinalari topshirildi.
– Biz, ichki ishlar organlari xodimlari koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik va eʼtibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildiramiz, – deydi Ellikqalʼa tumani Ichki ishlar boʻlimi Yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmasi boshligʻi Romanbergan Abdreymov. – Bayram kunlarida bizga xizmat avtomashinasining topshirilishi oʻziga xos sovgʻa boʻldi. Bu eʼtibor masʼuliyatimizni oshirib, ishimizning yanada samarali boʻlishiga xizmat qiladi.

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA