Toshkentda Moskva muhandislik fizika instituti Milliy tadqiqot yadro universitetining ilk xorijiy filiali ochildi

Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!
Mustaqilligimizning 28 yillik bayrami keng nishonlanayotgan ushbu kunlarda Toshkentda Moskva muhandislik fizika instituti Milliy tadqiqot yadro universitetining ilk xorijiy filialining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, “Rosatom” atom energiyasi boʻyicha davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov mamlakatimizda Moskva muhandislik fizika instituti Milliy tadqiqot yadro universiteti filialining ochilishi sohada yetuk mutaxassislar tayyorlash va kelgusida ilmiy izlanishlar olib borishga xizmat qilishiga ishonch bildirib, talabalarning oʻqishiga omad tiladi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, hukumat aʼzolari, senator va deputatlar, vazirlik, jamoat tashkilotlari vakillari, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining rahbariyati hamda “Rosatom” atom energiyasi boʻyicha davlat korporatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Toshkentdagi Moskva muhandislik fizika instituti Milliy tadqiqot yadro universitetining ilk xorijiy filialida asosan yadro energetikasi va issiqlik fizikasi, shuningdek, yadro fizikasi boʻyicha fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar sohasida yuksak malakali muhandis-kadrlar tayyorlanadi.
– Dunyoda atom energiyasi boʻyicha eng nufuzli oliy oʻquv yurtlaridan biri hisoblanadigan ushbu taʼlim dargohi ilk filialining Toshkentda ochilishini mutlaqo adolatli deb hisoblayman, chunki Oʻzbekistonda dastlabki atom elektr stansiyasining qurilishi biz uchun ustuvor vazifa hisoblanadi. Biz birgalikda nafaqat keraklicha xodimlarni tayyorlashimiz, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida yadro texnologiyalari boʻyicha atom obyektlarini ularning butun ekspluatatsiyasi davomida malakali mutaxassislar bilan taʼminlay oladigan yaxlit taʼlim tizimini yaratishimiz ham lozim. Har yili dunyodan yuzlab talabalarni qabul qiluvchi Moskva muhandislik fizika instituti – shubhasiz, mamlakatning yangi taʼlim tizimi oʻzagini shakllantirishga xizmat qiladi, deb oʻylayman, – dedi Aleksey Lixachyov.
Toshkentda Moskva muhandislik fizika instituti Milliy tadqiqot yadro universitetining ilk xorijiy filialining ochilishi Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi hamkorlik izchil rivojlanayotganining yaqqol dalilidir. Bu yerda talabalar eng zamonaviy dasturlar asosida taʼlim oladilar. Ushbu taʼlim muassasasi nafaqat Rossiya, ayni damda xalqaro darajada ham yuksak eʼtirofga sazovor oʻquv muassasalaridan sanaladi. Filialning barcha bitiruvchilari Oʻzbekiston va xorijda birdek tan olinadigan diplom oladilar hamda mamlakatimizning atom tarmogʻidagi korxonalarida ish bilan taʼminlanadilar.
Oʻquv jarayoniga oʻzbek mutaxassislari qatorida Rossiya Federatsiyasi va xorijiy davlatlardagi yetakchi oliy taʼlim muassasalarida pedagogik faoliyat boʻyicha koʻp yillik ish tajribasiga ega boʻlgan yuqori malakali oʻqituvchilar ham jalb etilgan.
Filialga fizika, matematika va rus tilidan imtihon natijalariga koʻra, 100 nafar abituriyent davlat granti asosida oʻqishga qabul qilindi.
– Ushbu oliygohda oʻqish baxti nasib etganidan xursandman, – dedi talaba Ahror Hasanov. – Barcha imtihonlarni aʼlo baholarga topshirib, yadro fizikasi va texnologiyasi fakultetiga oʻqishga qabul qilindim. Filialda barcha sharoit yaratilgan. Bu yerda 11 ta laboratoriya, talaba va oʻqituvchilar uchun sport majmuasi va kutubxona mavjud. Biz filial talabalari Rossiya taʼlim standartlariga muvofiq yadro energetikasi va yadro texnologiyasi sohasidagi muhandislik mutaxassisliklarini oʻrganamiz.
Toshkentdagi Moskva muhandislik fizika instituti Milliy tadqiqot yadro universitetining ilk xorijiy filiali Rossiya va Oʻzbekiston Prezidentlarining Oʻzbekistonda ilk AES inshooti loyihasini amalga oshirish doirasidagi kelishuvi boʻyicha tashkil etildi.

 

Xurshid QODIROV, Aʼlo ABDULLAYEV (surat) OʻzA