Choʻllanishga qarshi kurashish uchun memorandum imzolanadi

BMT Bosh Assambleyasi 2010-yilda 2020-yilgacha boʻlgan davrni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Choʻl va Choʻllanishga qarshi kurash oʻn yilligi deb eʼlon qilgan edi. 
Vaholanki, hozirgi vaqtda iqlim oʻzgarishi, ozon qatlamining yemirilishi, choʻllanish va yerning degradatsiyasi, bioxilma-xilliklarning qisqarishi, ichimlik suvining ifloslanishi va yetishmasligi, oʻrmon va tuproq inqirozi insoniyat uchun nihoyatda dolzarb global ekologik muammolardan biri boʻlib qolmoqda.
Shu bois ham BMT quruq yerlarni muhofaza qilish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirishga koʻmaklashishga qaratilgan dunyo mamlakatlarini birlashib, turli loyihalarni amalga oshirishga undamoqda.
Shu oʻrinda qayd etish kerakki, hozirda yurtimizning 70 foizi tabiiy shoʻrlanishga, qum koʻchkilari, changli boʻronlar va garmsellar tarqalishi taʼsiriga uchragan qurgʻoqchil va yarim qurgʻoqchil maydonlardan iborat. Orol fojiasi oqibatida 5,5 million gektardan ortiq maydonli Orolqum choʻli vujudga kelgan. Shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida choʻllanish darajasi yuqoridir, deydi mutaxassislar.
Ayni vaqtda Oʻzbekiston delegatsiyasi BMTning choʻllanishga qarshi kurashish konvensiyasi aʼzolarining Hindistonning Nyu – Deli shahrida oʻtkazilayotgan konferensiyasida ishtirok etmoqda. Unda Orol mintaqasida amalga oshirilayotgan oʻrmonlashtirish ishlari yuzasidan taqdimot oʻtkaziladi.
Unda Hindiston bosh vaziri Narendra Modi ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, konferensiya doirasida BMTning choʻllanishga qarshi kurashish boʻyicha konvensiyasining ijrochi kotibi janob Muhammad Tiav bilan N. Bakirovning uchrashuvi belgilangan.
Unda oʻzaro hamkorlik borasidagi masalalari muhokama qilinadi va mintaqada chang – boʻronga qarshi kurashish loyihasini amalga oshirish boʻyicha memorandum imzolanishi moʻljallangan.
Konferensiya 11- sentyabrga qadar davom etadi.

 

Sayyora SHOYEVA, OʻzA