AQSH Markaziy qoʻmondonligida Oʻzbekiston mustaqilligining 28 yilligi keng nishonlandi

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 28 yillik bayrami munosabati bilan Florida shtatining Tampa shahrida joylashgan AQSH Markaziy qoʻmondonligida rasman faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari tomonidan tantanali tadbir tashkil etildi.
Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti OʻzAga maʼlum qildi.
Ushbu tadbirda AQSH Markaziy qoʻmondonligi rahbariyati hamda u yerda hamkorlik faoliyatini yuritayotgan 50 dan ortiq davlat vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi vakili podpolkovnik Umid Ahmedov mustaqillikka erishish uchun Oʻzbekiston bosib oʻtgan yoʻl va bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar haqida yigʻilganlarga soʻzlab berdi.
Oʻzbekistonlik harbiylar tomonidan tashkil etilgan oʻzbek milliy taomlaridan iborat bayram dasturxoni barchaning eʼtirofiga sazovor boʻldi.
Shuningdek, bayram davomida oʻzbek halqining madaniyati, qadriyatlari, milliy liboslari, jumladan, atlas, adras, toʻn, doʻppi va milliy naqshlar bilan bezatilgan hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasi oʻtkazildi.

 

OʻzA