O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi ko‘rgazmalar saroyida taniqli rassom Abdulla Yerimbetovning “Tug‘ilgan yer jilosi” deb nomlangan shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.

Ko‘rgazmada musavvirning turli janrlarda yaratgan 60 dan ortiq kartinasi namoyish etilmoqda.

“Orolda kuz”, “Yaylov”, “Baliqchi”, “Amudaryo”, “Yusupning uyida bahor” kabi yorqin xarakterdagi kartinalar yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi, rassom Abdulla Yerimbetov 1931 yili Navoiy viloyati Tomdi tumanida tug‘ilgan. 1951 yili hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga o‘qishga kirdi. 1961 yildan boshlab respublika miqyosidagi ko‘rgazmalarda ishtirok eta boshladi. 1961-1963 yillarda Toshkent shahrida o‘tkazilgan Qoraqalpoq adabiyoti va san’ati kunlarida o‘z asarlarini namoyish etdi. 1988 yili I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyida A.Erimbetovning saylanma asarlaridan iborat shaxsiy ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Mustaqillik yillarida u yanada barakali ijod qildi. Ayniqsa, “Avtoportret”, “Qaratereng ko‘li”, “Bulutli kun”, “Qizketken”, “Ona yer qirg‘og‘ida”, “O‘tov atrofida” singari asarlari qoraqalpoq diyorining o‘ziga xos tabiati, samimiy va mehnatkash odamlarini o‘ziga xos aks ettirgani bilan muxlisu mutaxassislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Hozirgi kunda bu kartinalar I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi hamda o‘lkashunoslik muzeyida saqlanmoqda.

 

Aminboy Ortiqboyev, O‘zA