Nagoyada O‘zbekistonning turizm salohiyati bir oy namoyish etiladi

14- avgustdan Yaponiyaning Nagoya shahrining eng yirik savdo markazlaridan biri – “OASIS 21” savdo markazida O‘zbekistonning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan videoroliklar namoyishi boshlandi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi “OASIS 21” savdo markazi 2002 yilda foydalanishga topshirilgan Yaponiyadagi eng yirik savdo markazlaridan biri ekanini qayd etmoqda. “OASIS 21” Nagoya teleminorasi yonida joylashgan bo‘lib, zamonaviy restoranlar, savdo do‘konlari va madaniy-ko‘ngilochar majmualarga ega.
Mazkur rolik namoyishi O‘zbekistonda turizm sohasini rivojlantirish, yurtimizga sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qiladi, degan umiddamiz.
Qayd etish joizki, Yaponiyadan O‘zbekistonga 2018 yil yanvar-iyul oylarida yetti mingdan ortiq sayyoh kelgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich qariyb 11 ming nafarni tashkil etmoqda. Yil yakuniga qadar ularning soni yanada ortishi kutilmoqda, zero turizm mavsumi hali davom etmoqda.

 

O‘zA