Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot xizmati “Ijtimoiy fikr“ respublika jamoatchilik fikrini oʻrganish markazi tomonidan “Oʻzbekiston fuqarolari atom elektr stansiyasini qurish haqida“ oʻtkazilgan tadqiqot natijalarini maʼlum qildi.
Turli soha va tarmoqlarda faoliyat koʻrsatayotgan ijtimoiy guruhlar vakillari oʻrtasida oʻtkazilgan mazkur tadqiqot natijalari shuni koʻrsatdiki, respondentlarning yarmidan koʻpi (69,5%) atom energiyasi haqida yetarlicha maʼlumotga ega. Shu bilan birga, ular energetikaga boʻlgan ehtiyojlarni qondirish va gaz kabi tabiiy resurslarni tejashda tinch atomni qoʻllash muhimligini taʼkidlagan.
Shuningdek, unda AES qurish gʻoyasiga ehtimoliy salbiy munosabatda boʻlish sabablari ham tahlil qilingan. Odatda bu borada yadro energiyasining atrof-muhitga koʻrsatadigan zararli taʼsiri haqida fikr yuritiladi.
Ushbu masalada respondentlarning qariyb 30 foizi bunday faktlar haqida yetarli maʼlumotga ega emasligini taʼkidlagan boʻlsa, 20 foizga yaqini esa bu borada oʻz nuqtai nazariga ega ekanligini tasdiqlagan.
Soʻrovda ularning aksariyati zamonaviy atom elektr stansiyalari elektr energiyasi bilan ishonchli tarzda taʼminlash barobarida tabiatga zarar yetkazmasligini bildirgan.
Yana bir muhim jihat, mamlakatimiz fuqarolari Oʻzbekistonda uran qazib olinishidan xabardorligi, bu esa AESning barqaror ishlashi uchun muhim ekanligini maʼlum qilgan.
Shunday qilib, soʻrov natijasidan mamlakatimiz fuqarolari birinchi atom elektr stansiyasini qurish boʻyicha qarorni qoʻllab-quvvatlashi maʼlum boʻldi.
Ahamiyatlisi shundaki, respondentlarning 83 foizi “Men Oʻzbekistonda quriladigan birinchi AES bilan faxrlanaman“ va 85,6 foizi “Men AES faoliyatini qoʻllab-quvvatlayman“, degan fikrga qoʻshilgan.
Har ikkinchi respondent (55,7%) inshoot qurilishida yoki AESning oʻzida ishlashga xohishi bor ekan. Bu istak, ayniqsa, yoshlar tomonidan koʻproq (71,6%) bildirilgan.
OʻzA