Oʻzbekistonda majburiy tibbiy sugʻurta joriy etiladi

Mamlakatimiz sogʻliqni saqlash sohasida aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish samaradorligi, sifati, undan foydalanishni tubdan oshirishni taʼminlovchi tashkilotchilik va moliyalashtirish boʻyicha yangi modellarni shakllantirish maqsadida keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.
Ular sogʻliqni saqlash sohasini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar hajmini belgilash, “davolangan holat” uchun klinik xarajatlar guruhlari boʻyicha tibbiy xizmat toʻlovlari tizimini hamda aholi jon boshiga moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini joriy etishga yoʻnaltiriladi.
Ushbu islohotlarning oʻziga xosligi va ularni amalga oshirish muddatlari Oʻzbekiston Respublikasining majburiy tibbiy sugʻurtalash toʻgʻrisidagi qonuni loyihasida bayon etilgan boʻlib, u regulation.gov.uz. meʼyoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portalida keng jamoatchilik eʼtiboriga taqdim etilgan. Yangi qonun mamlakatimizda majburiy tibbiy sugʻurtalashni joriy etish uchun huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.
Qonun loyihasining tushuntirish xatida loyiha xorijiy mamlakatlar qonunchilik hujjatlarini hamda majburiy tibbiy sugʻurtalashni joriy etish tadbirlarini texnik-iqtisodiy asoslash tahlillarini hisobga olgan holda ishlab chiqilganligi aytiladi. Ayni paytda u 42 moddani oʻz ichiga olgan 5 ta bobdan iborat. Qonun loyihasining birinchi bobi umumiy qoidalar, aniqrogʻi, qonunning maqsadlari va uning amal qilish sohalariga bagʻishlanadi. Shuningdek, unda qonunda qoʻllaniladigan asosiy tushunchalar, majburiy tibbiy sugʻurtalashning maqsad va vazifalari, asosiy tamoyillari aks etgan.
Qonun loyihasining ikkinchi bobida majburiy tibbiy sugʻurta subyektlari va ishtirokchilari, shuningdek, ularning huquqlari va majburiyatlari belgilangan.
Qonun loyihasining toʻrtinchi bobi uning eng sermazmun boblardan biridir. Unda sugʻurta qilingan shaxslarga tibbiy xizmatni koʻrsatuvchini tanlash, ikkilamchi fikr va maxfiylikni olish huquqlari mustahkamlab qoʻyilgan.
Qonun loyihasining yakunlovchi bobi majburiy tibbiy sugʻurtalash toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish boʻyicha javobgarlik hamda majburiy tibbiy sugʻurtalash sohasidagi munozaralarni hal etish tartibi, qonunchilikni ishlab chiqilgan qonunlarga muvofiqlashtirishga bagʻishlangan moddalarni oʻz ichiga oladi.
Qonun loyihasini tayyorlash jarayonida Singapur, Janubiy Koreya, Yaponiya, Fransiya, Germaniya, Estoniya, Norvegiya, Latviya, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon va Qozogʻiston kabi mamlakatlar tajribasi oʻrganildi. Loyihani tayyorlash ishiga mahalliy va xorijiy ekspertlar, jumladan, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti vakillari jalb qilindi. Qonun loyihasi manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari bilan muhokama qilindi.

 

Roman BONDARCHUK, OʻzA