Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini muhokama qildilar.
Xususan, majlis avvalida “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda koʻrib chiqildi. Taʼkidlash joizki, ushbu loyiha Qonunchilik palatasining joriy yil 5-martda oʻtgan majlisida birinchi oʻqishda koʻrib chiqilib, konseptual jihatdan maʼqullangan edi. 13-iyundagi majlisda kechgan qizgʻin muhokamalar chogʻida esa atom energetikasi sohasi mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotida oʻta muhim ahamiyat kasb etishini hisobga olib, uni yanada takomillashtirib, maromiga yetkazish, toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan normalar bilan boyitish maqsadida masʼul qoʻmitaga qaytarilgan edi.
Oʻtgan davr mobaynida ishchi guruhi mazkur qonun loyihasini maromiga yetkazish va ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida qator ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, deputatlar, soha mutaxassislari hamda ekspertlar tomonidan bildirilgan taklif va fikr-mulohazalar ishchi guruhi majlislarida oʻrganilib, yanada takomillashtirildi. Loyiha konsepsiyasi doirasida uning tuzilishi qayta koʻrib chiqildi.
Deputatlarning takliflari asosida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, shuningdek, mazkur sohani davlat tomonidan tartibga solishda qatnashuvchi boshqaruv va nazorat organlarini aniq belgilash maqsadida yangi moddalar kiritildi. Qonun loyihasida atom energiyasidan foydalanish sohasidagi litsenziyalanadigan faoliyat turlari aniq belgilanib, litsenziyalash uchun qoʻyiladigan asosiy talablar ham ifoda etildi. Sohada amalga oshiriladigan davlat nazorati, ushbu nazoratning yoʻnalishlari, nazoratni amalga oshiruvchi organlar aniq belgilab berildi.
Ushbu qonun loyihasi Oʻzbekistonda atom energetikasini rivojlantirish va bu sohadagi munosabatlarni tartibga solishda huquqiy asos yaratadi.
Eʼtiborlisi, qonun loyihasini ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida mustaqil ekspertlar, jamoatchilik vakillari ham faol ishtirok etdi. Ana shunday sermazmun saʼy-harakatlar, qonunchilik texnikasi talablari bajarilganidan soʻng loyiha pishiq-puxta holga keltirildi.
Majlisda kasaba uyushmalarini tashkil etish va ularning faoliyati, fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqlarini roʻyobga chiqarish sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan “Kasaba uyushmalari toʻgʻrisida”gi qonun loyihasining muhokamasi ham qizgʻin kechdi. Deputatlar tomonidan ishlab chiqilgan ushbu hujjat orqali davlat organlari, ish beruvchilar bilan kasaba uyushmalari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar tartibga solinmoqda. Jumladan, kasaba uyushmalariga ijtimoiy-iqtisodiy masalalardagi qarorlar qabul qilinayotganda ishtirok etish, bandlikka koʻmaklashish, mehnatni muhofaza qilish va xodimlar huquqlarini himoya qilish, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni bartaraf etishni soʻrab taqdimnomalar kiritish, xodimlarni ommaviy ishdan boʻshatish haqidagi qarorlarning muddatini muayyan muddatga toʻxtatib turish va boshqa shu kabi huquqlar berilmoqda.
Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ishchilarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal qilishda kasaba uyushmalariga qulay sharoitlar va kafolatlarning yaratilishiga, davlat organlari, ish beruvchilar hamda kasaba uyushmalarining oʻzaro hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qiladi.
Majlisda “Xalqaro mehnat tashkilotining sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi 81-son konvensiyasini (Jeneva, 1947-yil 11-iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “Xalqaro mehnat tashkilotining qishloq xoʻjaligida mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi 129-son konvensiyasini (Jeneva, 1969-yil 25-iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihalari ham keng muhokama qilindi.
Mazkur qonun loyihalari Prezidentimizning 2018-yil 20-avgustdagi “Mehnat organlari tuzilmasini takomillashtirish va fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnatni muhofaza qilish tizimini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Xavfsiz va himoyalangan mehnat” chora-tadbirlar dasturiga asosan ishlab chiqilgan.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan shu bugungi kunga qadar Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) 15 ta konvensiyasi ratifikatsiya qilingan. Tashkilotning 81- va 129-sonli konvensiyalari ham ustuvor hujjatlar sirasiga kiradi.
Mazkur konvensiyalarga muvofiq, tashkilotlar tomonidan fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish va ularga rioya etish, mehnatni muhofaza qilish va xavfsiz mehnat sharoitlarini taʼminlash sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati va tekshiruvini amalga oshirish, ish kuni muddati, ish haqi, mehnat xavfsizligi, bolalar va oʻsmirlar mehnatidan foydalanish toʻgʻrisidagi qoidalar qoʻllanilishini taʼminlash, bu borada ish beruvchilar va xodimlar oʻrtasida axborot-tushuntirish ishlarini olib borish kabi masalalar inspeksiyaning asosiy vazifalariga kiradi. Oʻzbekistonda mazkur vazifalar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan amalga oshirib kelinmoqda. Qonun hujjatlarida mehnat sohasidagi fundamental prinsiplar va huquqlar belgilangan boʻlib, ularda mazkur konvensiyalarga zid yoki mos kelmaydigan qoidalar mavjud emas.
Deputatlarning qayd etishicha, ushbu konvensiyalarni ratifikatsiya qilish xalqaro mehnat standartlarini milliy qonun hujjatlariga tatbiq qilishni davom ettirishga, Xalqaro mehnat tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan munosabatlarda Oʻzbekistonning ijobiy imijini yanada yaxshilashga koʻmaklashadi.
Bahs-munozara ruhida kechgan muhokamalardan soʻng barcha qonun loyihalari ikkinchi oʻqishda qabul qilindi.
Majlisda parlament quyi palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Deputatlarning qonun loyihalari yuzasidan muhokamalari davom etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati
OʻzA