Shu kunlarda yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida 2019/2020 o‘quv yili uchun abiturientlar ro‘yxatga olinmoqda.
Samarqand viloyatidagi sakkiz oliy o‘quv yurtida ham bu jarayon qizg‘in davom etmoqda. Shuningdek, joriy yilda yangi ochilgan Rossiya davlat jismoniy tarbiya, sport, yoshlar va turizm universiteti Federal davlat budjeti oliy ta’lim muassasasi hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Samarqand filiallariga ham bu yil talabalar qabul qilinadi.
Qurilish sohasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida ham ayni paytda yangicha tizim asosida abiturientlarni ro‘yxatga olishga kirishilgan.
– Yangi o‘quv yili uchun institutimizda 18 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida bakalavrlar tayyorlash rejasi 835 ta (245 ta davlat granti, 590 ta to‘lov-kontrakt asosida) etib belgilangan, – deydi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti qabul komissiyasi mas’ul kotibi G‘ulom Artiqov. – Bu ta’lim yo‘nalishlari qatoriga bugungi kun talablaridan kelib chiqib, “Inter’erni loyihalash”, “Iqtisodiyot (tarmoqlar va sohalar bo‘yicha)”, “Urbanistika, shaharsozlikni rejalashtirish”, “Arxitektura yodgorliklari rekonstruksiyasi va restavratsiyasi” yo‘nalishlari qo‘shildi. Qabul kvotalari ham avvalgi yillarga nisbatan oshdi.
Hozir abiturientlar institutimiz qabul komissiyasiga kelib, uchtagacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha test sinovlarida qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tmoqda. Bu jarayonda ulardan faqatgina pasport, umumiy o‘rta yoki o‘rta maxsus ma’lumotga egaligi haqidagi hujjat, imtiyozga ega bo‘lganlar uchun imtiyozni tasdiqlovchi hujjat so‘ralmoqda. Maktab, kollej yoki akademik litseyni avvalgi yillarda bitirgan abiturientlar (nogironligi bo‘lgan yoki to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslardan tashqari) test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining yarim baravari miqdoridagi to‘lovni amalga oshirmoqda. Qabul ijodiy imtihon asosida bo‘ladigan ta’lim yo‘nalishlarida esa bunday to‘lov undirilmaydi.
20 nafar operator abiturientlarga tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatmoqda. Shu kungacha komissiyamiz orqali bakalavriyat ta’lim yo‘nalishlariga 648 nafar abiturient ro‘yxatdan o‘tdi. Fan bloklari to‘g‘ri keladigan ta’lim yo‘nalishlarimiz ko‘pligi uchun abiturientlarning aksariyati uchta yo‘nalishni ham institutning o‘zidan tanlamoqda.
O‘qishga talabgorlarning uchtagacha ta’lim yo‘nalishini tanlab tanlovda ishtirok etishi, albatta, abiturientlar uchun katta imkoniyat. Shu bilan birga, bundan oliy ta’lim muassasalari ham manfaatdor. Chunki tanlovda eng bilimli, ilmga chanqoq yoshlar saralanib, talaba bo‘ladi.
Bu yil institutimizda yetti yo‘nalish bo‘yicha sirtqi ta’lim shakli uchun 140 ta o‘rin ajratilgan. Lekin bu chegara emas, institut ma’muriyati ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, qo‘shimcha kontrakt asosida ham talabalarni qabul qilishi mumkin. Sirtqi ta’limdagi eng muhim yangilik kamida besh yillik ish stajiga ega xodimlarning vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining (ish beruvchilar) ehtiyojlaridan kelib chiqib, ularning tavsiyasi bilan imtihonsiz, suhbat asosida o‘qishga qabul qilinishidir. Bunday talabalar keyinchalik tavsiya berilgan tizimda besh yil ishlab berishi kerak bo‘ladi.
Keyingi yillarda yurtimizda oliy ta’lim muassasalari ilmiy xodimlari, professor-o‘qituvchilar mehnatiga munosib haq to‘lash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan e’tibor bu yilgi magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qabul kvotalarida ham o‘z aksini topmoqda. Institutimiz misolida aytadigan bo‘lsak, 16 mutaxassislik bo‘yicha ajratilgan 83 ta o‘rinning 74 tasi davlat granti hisoblanadi. Ya’ni magistr o‘qish uchun pul topishni emas, faqat ilm o‘rganishni, ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borishni o‘ylashi kerak. Ikki yil davomida shu sohaning yetuk mutaxassisi sifatida ma’lumotga ega bo‘lib, kelgusida ilmiy faoliyatni davom ettirishi zarur. Bundan tashqari, magistraturaga hujjat qabul qilishdagi ayrim cheklovlar (bakalavrning qaysi yo‘nalishda tahsil olganligi) bekor qilindi.
– Bu yil uchinchi bor hujjat topshirishim, – deydi pastdarg‘omlik Mashrab Asqarov. – Hujjat topshirish jarayonidagi uzundan-uzoq navbat kutishlar sababli shu yerning o‘zida ba’zi qing‘irliklar bo‘lardi. Qabul komissiyasidagilar uning kam, buning kam deb sarson qilganlarini ham ko‘rganman. Mana, pasport va diplom bilan kelib ham hujjat topshirsa bo‘larkan. Bunday imkoniyatlar yaratilganini eshitib, to‘g‘risi, ishonmagandim. Ammo bugun o‘zim shu jarayonda qatnashib, ishonch hosil qildim.
Darvoqe, bu yil abiturientlar Toshkent davlat yuridik universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Farg‘ona davlat universiteti hamda Samarqand davlat universiteti bakalavriyat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun davlat xizmatlari markazlari orqali ham ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Bugungi kunda Samarqand viloyatidagi davlat xizmatlari markazlarida ham ushbu xizmat yo‘lga qo‘yilgan. Abiturientlar qimmatli vaqti va mablag‘ini tejab, ushbu markazlar orqali ro‘yxatdan o‘tmoqda.
– Shu paytgacha markazimiz orqali 188 nafar abiturient ro‘yxatdan o‘tdi, – deydi Samarqand shahar davlat xizmatlari markazi bo‘lim boshlig‘i Aziz Sobirov. – Keyingi kunlarda bunday xizmatdan foydalanish istagida bo‘lgan fuqarolar ko‘paymoqda. Buning uchun markazda barcha zarur sharoit yaratilgan. Faqatgina abiturientlarga xizmat ko‘rsatish uchun xodimlar ajratilgan. Hozirgacha eng ko‘p murojaat Samarqand davlat universiteti va Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abiturientlardan tushdi.
G‘.HASANOV, Alisher ISROILOV (surat)