Tugʻma yurak nuqsoni bor 240 nafar bemor bola uchun tibbiy ashyolar xarid qilindi

Inson salomatligi dunyodagi barcha xalqlar uchun bebaho boylik sanaladi. Bu sogʻlom shaxsgina hayotda oʻz oʻrnini topishi, oila qurishi va jamiyatga, mamlakat ravnaqiga hissa qoʻsha olishini tasdiqlaydigan oʻzgarmas haqiqatdir.
Zero, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Sogʻliqni saqlash masalasi har bir odamning kundalik hayotiga toʻgʻridan-toʻgʻri daxldor boʻlib, bu boradagi muammolar aholining salomatligiga, oxir-oqibatda jamiyatning ijtimoiy kayfiyatiga, xalqning davlatga, hukumatga boʻlgan ishonchiga, hech shubhasiz, eng kuchli taʼsir koʻrsatadigan sohadir“.
Mamlakatimiz aholisiga muntazam sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishda birinchi galda davlat tomonidan berilgan eʼtibor, yaratilayotgan shart-sharoit, keng imkoniyatlarga ega tibbiy muassasalar hamda malakali mutaxassislarning oʻrni alohida ahamiyat kasb etadi.
Aholi salomatligini mustahkamlashga nodavlat notijorat tashkilotlari ham munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Jumladan, “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, mana bir necha yillardan buyon, yurtdoshlarimiz, birinchi galda ona va bola salomatligini muhofaza qilishga yoʻnaltirilgan islohotlarda anchayin faol. Fond oilalarning yashab turgan joyidagi sanitar-gigiyenik sharoitini, oiladagi ruhiy holatni oʻrganib, oila aʼzolarining, ayniqsa, ayollar va bolalarning salomatligini tekshirib, ularga tibbiy, ijtimoiy, ruhiy hamda iqtisodiy yordam yoʻnaltirishga xizmat qiladi.
Fondning Tibbiy-ijtimoiy patronaj koʻchma brigadalarining manzilli xizmati orqali ham koʻplab oilalar, aholi sogʻligʻi koʻrikdan oʻtkazilib, mustahkamlanmoqda.
Insonga oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatish, bolalar, onalar sogʻligʻini muhofaza qilish, asrab-avaylash insoniyat oldidagi ulugʻ vazifa sanaladi. Bunday yordam eng zarur paytda va hech bir manfaatsiz amalga oshirilganda esa yanada ahamiyat kasb etadi. U orqali nafaqat bemorlar, balki minglab-millionlab insonlar koʻngli togʻdek yuksaladi. Shu maʼnoda “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili“da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini taʼminlash maqsadida koʻplab xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Jismonan yetuk, maʼnaviy yuksak farzandlarni tarbiyalashni taʼminlash, onalik va bolalikni muhofaza qiluvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, oilalarda sogʻlom avlod tugʻilishi va tarbiyalanishi uchun yuksak masʼuliyat psixologiyasini shakllantirish fondning muhim vazifalaridandir.
2019-yilning 6 oyi mobaynida tugʻma yurak nuqsoni bor 200 nafar bemor bola uchun respublikamiz klinikalarida Germaniyaning “Peace Village International” xalqaro tashkiloti grant mablagʻlari hisobidan, 40 nafar ana shunday bemor bolaga Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi ijtimoiy buyurtmasi grant mablagʻlari hisobidan zaruriy tibbiy ashyolar sotib olindi. 2019-yil 13-16-fevral kunlari 10 nafar bola Germaniya klinikalariga davolanishga yuborildi. Shu davrda ilgari davolanishga yuborilgan 6 nafar bemor bola ota-onalari bagʻriga qaytib keldi. Hozir Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasida 57 nafar, Samarqand viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida 13 nafar, Xorazm viloyati kardiologiya markazi va Fargʻona viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida ham bemor bolalarni operatsiya qilishga tayyorgarlik koʻrilmoqda.
Fondimiz tomonidan Koreya Respublikasining “Severance” gospitali qoshidagi “Markaziy Osiyoda plastik jarrohlik taʼlimi” fondiga murojaat qilingan, unda kuyishdan keyingi asoratlarni, shuningdek, lab-tanglay tugʻma jarohatlarini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va ularni davolash uchun tibbiyot xodimlari va shifokorlardan tuzilgan delegatsiya tashrifi tashkil etilishi soʻralgan edi.
2019-yil 30-maydan 4-iyungacha Fargʻona viloyati bolalar koʻp tarmoqli tibbiyot markazida koreyalik va mahalliy mutaxassislar birgalikda Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridan kelgan 280 nafar bemor bolani tibbiy koʻrikdan oʻtkazdi va ulardan 43 nafari operatsiya qilindi.
Xorijlik hamkorlar hamda mahalliy tashkilotlar bilan birgalikda amalga oshirilayotgan bunday ezgu ishlarga koʻplab misollar keltirish mumkin. Maqsadimiz har bir oilaga quvonch, bolajonlarga sogʻlom hayot bagʻishlashdir. Axir sogʻlom hayotga qaytgan oʻgʻil-qizlarning koʻzlaridagi quvonch, ularning ota-onalari qalbidagi xursandchilikni hech narsaga tenglashtirib boʻlmaydi.
Svetlana INOMOVA,
“Sogʻlom avlod uchun”
xalqaro xayriya fondi
boshqaruvi raisi.

 

OʻzA