2-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Buyuk Britaniyaning “PETROMARUZ” kompaniyalar guruhi oʻrtasida neft-gaz, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlashga oid hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mamlakatimizda ilmiy faoliyat asosan davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi. Ilmiy-tadqiqot ishlarini zamon talablariga mos jadal rivojlantirish, ushbu sohaga xususiy sektorni jalb etish maqsadida imzolangan mazkur kelishuv iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlariga doir ilmiy-tadqiqotlarni faollashtirishga xizmat qiladi.
Muzokara natijasida hamkorlikdagi dastlabki ilmiy-texnik loyihalar tanlovlari uchun “PETROMARUZ” kompaniyalar guruhi 3-4 milliard soʻm, yil oxirigacha 15 milliard soʻm mablagʻ ajratishga, oʻz navbatida, Innovatsion rivojlanish vazirligi ham shuncha miqdorda ulush kiritishga kelishildi.
“PETROMARUZ” bilan birgalikda ilmiy-tadqiqot ishlari yoʻnalishlari aniqlanib, oʻzaro moliyalashtirish uchun loyihalar tanloviga mavzular shakllantirdi. Xususan, neft va yoqilgʻi, paxtani qayta ishlash, arxitektura va qurilish yoʻnalishlarida jami 11 ta ilmiy-tadqiqot loyihalari mavzulari tuzildi. Bu vazirlik va kompaniya oʻrtasidagi hamkorlikning dastlabki bosqichi boʻlib, keyinchalik turli sohalar boʻyicha yana loyihalar tanlovlari eʼlon qilib boriladi.
Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda ilmiy-tadqiqotlar uchun ajratilayotgan mablagʻlarning taxminan 60 foizi sanoat kompaniyalari ulushiga toʻgʻri keladi. Oʻzbekistonda esa bu koʻrsatkich atigi 8 foizni tashkil etadi.
– Mamlakatimizda ilm-fan sohasiga xususiy sektorning qiziqishi ortmoqda, – dedi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – Ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirishga xususiy investitsiyalarni jalb etish vazirligimiz oldiga qoʻyilgan vazifalardan biri boʻlib, ilm-fan, ishlab chiqarish va tadbirkorlik integratsiyasiga yaqqol misolidir. Hozir yurtimizda klasterlar tizimini rivojlantirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Ushbu klasterlarga aniq loyihalar ustida ishlayotgan olimlarning biriktirib qoʻyilishi ularni rivojlantirishga zamin yaratadi.
Sanoatning yetakchi tarmoqlarida faoliyat yuritadigan oʻnlab korxonani birlashtiruvchi “PETROMARUZ” kompaniyalar guruhi direktorlar kengashi raisi Murtazo Rahmatov klasterlar tizimi ishlab chiqarishni yangi bosqichga koʻtarayotganini taʼkidladi. Xususan, Buxoroda tashkil etilgan paxta-toʻqimachilik klasteri qisqa muddatda oʻz samaradorligini koʻrsatdi.
– Faoliyatimizni yanada kengaytirishimiz uchun bizga olimlarning yordami kerak, – dedi Murtazo Rahmatov. – Negaki, texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bugungi kunda ilm-fan natijalarini qoʻllamay samaradorlikni oshirish, ishlab chiqarishdagi muammolarni bartaraf etish mumkin emas.
Innovatsion rivojlanish
vazirligi matbuot xizmati.
OʻzA