2019-yil 2-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida oʻtkazilgan navbatdagi “Hukumat soati”da Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri A.Shodmonovning birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining oʻzaro integratsiyalashgan holda faoliyat yuritishini yaxshilash borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi masala yuzasidan axboroti eshitildi.
Taʼkidlanganidek, Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda ambulatoriya-poliklinika va statsionar tibbiy yordam koʻrsatuvchi muassasalarning oʻzaro integratsiyasini taʼminlashga qaratilgan muhim vazifalar belgilab berilmoqda.
Davlatimiz rahbarining mazkur topshiriqlaridan kelib chiqib, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining oʻzaro integratsiyalashgan holda faoliyat yuritishini yaxshilash borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar tufayli bu borada muayyan oʻzgarishlar sezilmoqda. Vazir axborotida “Elektron sogʻliqni saqlash” normativ va normativ-huquqiy bazasini ishlab chiqish, integratsiyalashgan axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish, tibbiyot tashkilotlarida axborot tizimlari, ilgʻor axborot texnologiyalari, dasturiy mahsulotlarini yaratish, vazirlikning axborot tizimlari, resurs va maʼlumotlar bazasining boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan integratsiyasini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotgani aytib oʻtildi.
Deputatlar tomonidan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarining statsionar xizmati bilan integratsiyasini taʼminlash yoʻnalishida ham qator muammolar borligi qayd etildi. Xususan, yagona elektron maʼlumot almashinuv tizimining mavjud emasligi, faol patronajni amalga oshirish uchun xizmat radiusi katta boʻlgan muassasalarga transport vositalarining ajratilmagani bu boradagi muammolarga jiddiy eʼtibor qaratishni talab etadi.
Deputatlar hududlardagi saylov okruglariga chiqishlari davomida kuzatgan, 2019-2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasining sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish Konsepsiyasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va “elektron sogʻliqni saqlash”ni keng joriy etish belgilangan boʻlsa-da, biroq bu boradagi ishlar talab darajasida tashkil etilmaganini tanqid qildilar. Bundan tashqari, joylarda elektron hujjat aylanishini joriy etish orqali ish jarayonini maqbullashtirish, uzoq masofadan turib navbat olish kabi masalalarga yetarlicha eʼtibor qaratilmayotgani bilan bogʻliq masalalar ham koʻtarildi.
Shundan kelib chiqib, vazir tomonidan statsionar va ambulator-poliklinika muassasalarini kompyuter texnikasi bilan jihozlash, optik tolali tarmoq bilan taʼminlash, yagona internet tarmogʻiga ulash, elektron dasturni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish, ambulator-poliklinika muassasalarida kunduzgi shifoxonalarni tashkillashtirish boʻyicha sharoitlar yaratish (xona, jihoz, shtatlarni koʻpaytirish), davolangan holat boʻyicha moliyalashtirish, kafolatlangan tibbiy xizmatlar hajmi, majburiy tibbiy sugʻurta tizimlarini joriy qilish, tuman va shahar tibbiyot birlashmalariga asbob-uskunalar bilan taʼminlashning moliyaviy manbalarini aniqlash kabilar masalaning yechimi sifatida taqdim qilindi.
“Hukumat soati”da bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan Sirdaryo viloyatining Guliston shahri va Boyovut tumanida namunali tarzda tashkil etilayotgan ishlarni yurtimizning boshqa hududlarida ham ommalashtirish lozimligi qayd etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi
Matbuot xizmati
OʻzA