Toshkentda uch qavatli zamonaviy koʻprik bunyod etilmoqda

Prezidentimiz tashabbusi bilan aholining talab va ehtiyoji, poytaxtimizning kelgusi rivojlanishini inobatga olgan holda yer usti xalqa metro liniyasi va zamonaviy koʻprik qurilmoqda.
Davlatimiz rahbari 2018-yil 1-iyun kuni poytaxtimizning Maxtumquli va Ohangaron koʻchalari kesishmasidagi uch qavatli koʻprik loyihasini koʻzdan kechirib, uni zamonaviy texnologiyalar asosida sifatli bunyod etish, kommunikatsiya tarmoqlarini joylashtirish yuzasidan zarur koʻrsatmalar bergan edi. Bu safargi tashrif chogʻida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi.
Taʼkidlash joizki, hozirgacha yurtimizda uch qavatli koʻprik qurilmagan. Mutaxassislar fikricha, poytaxtimizning eng gavjum chorrahalaridan birida qad rostlayotgan bu koʻprik tirbandlikni ancha kamaytiradi. Ayni paytda yangi transport bogʻlamasi Toshkent shahridan Chorvoqqa olib boruvchi yoʻlni 22 kilometrgacha qisqartirib, shu tariqa Chorvoq va Chimyon hududlarini rivojlantirishga zamin yaratadi.
Koʻprik loyihasini “Boshtransloyiha” aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari ishlab chiqqan. Qurilish ishlarini “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Koʻprik qurilish tresti” unitar korxonasi bajarmoqda.
Loyihaga koʻra, birinchi bosqichda Parkent va Ohangaron shossesiga oʻtuvchi qismda uzunligi 502 metr, kengligi 26,7 metrli tunnel qurilmoqda. Tunnel balandligi jahon standartlariga mos ravishda 5,5 metr boʻlib, ikki yoʻnalishda avtomobillar 3 qatorda harakatlanadi.
Ikkinchi bosqich doirasida Qorasuv dahasidan Maxtumquli koʻchasiga chiquvchi yoʻlning mazkur tunnel ustidan oʻtgan qismida aylanma koʻprik qurish ishlari qizgʻin davom etmoqda. Bu koʻprik orqali toʻrt yoʻnalishda harakatlanish mumkin boʻladi.
Keyingi bosqichda uchinchi qavatdagi barpo etilib, u Maxtumquli va Temur Malik koʻchalarini tutashtiradi. Bugun uning poydevori qurilmoqda. Yoʻl oʻtkazgichning umumiy uzunligi 593, kengligi 30 metrni tashkil etadi, avtomobillar 6 qatorda harakatlanadi.
Shuningdek, Toshkent mexanika zavodida taʼmirlangan samolyotlarni ishbilarmonlik aeroportiga olib borish uchun yoʻl oʻtkazgich qurilmoqda.
Bunyodkorlik ishlariga 190 dan ortiq maxsus texnika va avtotransport vositasi, 220 dan ortiq quruvchi safarbar etilgan. Inshootni 2019-yil yakuniga qadar yakunlash rejalashtirilgan.
Shu yerda Prezidentimizga Toshkent yer usti halqa metro liniyasi qurilishi jarayoni haqida maʼlumot berildi.
Uzunligi 52,1 kilometr boʻlgan 35 bekatli mazkur metro loyihasining qiymati 422,3 milion dollarga teng. Elektropoyezd xalqa yoʻlini 1 soatu 10 daqiqada aylanib chiqadi. Uning oʻrtacha tezligi 40 kilometr/soat, konstruktiv maksimal tezligi 80 kilometr/sohadga teng boʻladi.
Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yil iyul oyida ushbu qurilish jarayoni bilan tanishib, bunyodkorlik ishlarini yanada jadallashtirish va sifatli yakunlash boʻyicha topshiriqlar bergan edi.
Loyiha besh bosqichda amalga oshirilyapti. Dastlab “Doʻstlik” bekatidan Qoʻyliq bozorigacha boʻlgan qism quriladi. 11 kilometrlik masofada 8 bekat bunyod etish moʻljallangan. Ikkinchi bosqichda Qoʻyliq bozori bilan “Olmazor” bekati bogʻlanadi. Soʻng “Beruniy” bekatigacha qatnovlar yoʻlga qoʻyiladi. Undan keyin “Bodomzor” bekatigacha boʻlgan qism quriladi. Soʻnggi bosqichda esa xalqa metro liniyasi yana “Doʻstlik” bekatiga ulanadi.
Joriy yilda Investitsiya dasturi doirasida davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan 317,3 milliard soʻmlik kapital qoʻyilmalarni oʻzlashtirish, jumladan, 257,5 milliard soʻmlik qurilish-motaj ishlarini bajarish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda “Doʻstlik“ – Qoʻyliq yoʻnalishida qurilish jadal davom etmoqda. ”Doʻstlik“ bekati bilan ”Rohat” aylana yoʻli oraligʻida 91 handaq qazilgan, 191 beton qoplama tayyorlangan. 190 ta birinchi pogʻona va 189 ta ikkinchi pogʻona temir-beton poydevor qurilgan, 173 tayanch ustuni, 57 temir-beton rigel, 191 balka oʻrnatilgan. Elektropoyezdlarning “Oʻzbekiston” deposiga oʻtishi uchun 850 metrli yer osti yoʻlining 158 metri qurilgan, 223 metrli tayanch devorni montaj qilish ishlari toʻliq yakunlangan.
Shu bilan birga, “Rohat” aylana yoʻlidan “Qoʻylik” bekatigacha boʻlgan oraliqda 150 handaq qazilgan, 150 beton qoplama tayyorlangan. 150 ta birinchi pogʻona va 150 ta ikkinchi pogʻona temir-beton poydevor qurilgan. 150 tayanch ustuni, 104 temir-beton rigel, 104 balka oʻrnatilgan, 157 metrli tayanch devorni montaj qilish ishlari nihoyatiga yetkazilgan.
Bunyodkorlik ishlariga 1000 nafar muhandis va ishchi, 300 dan ortiq texnika vositasi jalb qilingan. Metro qurilishi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Koʻprik qurilish tresti” unitar korxonasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
– Shahar aholisining koʻp qismi va poytaxtimizga kelganlar jamoat transportidan foydalanadi. Lekin hozircha toʻla qulaylik taʼminlanmagan. Odamlarning noroziligi shundan. Mana, qancha uylar qurilyapti, shahar rivojlanyapti, yana rivojlanadi. Shularni inobatga olib, shahar jamoat transportini aholiga qulay, arzon, xavfsiz qilib berishimiz kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari ushbu yer usti liniyasini Toshkent metropoliteni va avtobuslar yoʻnalishlari bilan oqilona inegratsiyalash, yuklamadan kelib chiqib aholiga qulayliklarni oshirib borish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
1.jpg
2.jpg
3.jpg
4.jpg
5.jpg
6.jpg

 

Ziyodulla JONIBEKOV, OʻzA