Shavkat Mirziyoev: Yangi markaz O‘zbekistondagi diniy ta’lim muassasalariga zamin bo‘ladi

Davlatimiz rahbari o‘tgan yil iyunda O‘zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi qurilishiga ramziy tamal toshi qo‘ygan, dekabr oyida bu yerga yana bir bor tashrif buyurib, yurtimiz tarixini davrlar bo‘yicha, har bir allomaga oid manbalar va ashyolar asosida namoyish etish, qurilishni takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar bergan edi.

O‘tgan davr mobaynida bu yerda ulkan bunyodkorlik ishlari olib borildi. Imorat yerto‘lasi va devorlari qurildi, ayni paytda tom qismi metall konstruksiyalarini montaj qilish va beton to‘shama ishlari olib borilmoqda.

Uch qavatli markaz loyihasi sharqona uslubda bo‘lib, undan marosimlar va vaqtinchalik ko‘rgazmalar zallari, qadimiy qo‘lyozma va osori-atiqalarni ta’mirlash bo‘limlari, do‘konlar, muzey omborlari, xizmat xonalari o‘rin oladi. Ikkinchi qavatda kutubxona, 550 o‘rinli anjumanlar zali, binoning simmetrik markazida Usmon Qur’oni zali joylashadi. Uchinchi qavat axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar va boshqa xonalarni o‘z ichiga oladi.

fe3825e6-a8a1-2dd2-9e44-ac38a692ee80.jpg
Bugungi kunda fransiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda binoning dizayni loyihasini tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Fasad va zallarni badiiy bezash, keramika ishlari bo‘yicha namunalar tayyorlandi.

Prezidentimiz qurilishni ko‘zdan kechirdi, binoning ichki va tashqi ko‘rinishi, gumbaz ranglari uchun tanlangan namunalar bilan tanishdi. Ushbu markaz islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini o‘rganadigan, dinimizning asl mohiyatini xalqimizga yetkazadigan ilmiy-ma’rifiy maskan bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

– Yurtimizdagi yettita o‘rta maxsus diniy bilim yurti va ikkita oliy ta’lim muassasasi bu yerda “qaynashi kerak”, ularga ham joy berish kerak. Chunki kelgusida ilm shu yerda bo‘ladi, talabalar olgan bilimini markazdagi buyuk ajdodlarimiz merosiga oid qimmatli dalillar bilan mustahkamlaydi, – dedi davlatimiz rahbari.

aac38081-f273-61ec-cf77-4eba7d3d0c4a.jpg
Allomalarimizning buyuk merosini yosh avlodga singdirish uchun zallarga ularning haykali, ilmiy kashfiyotlari, qo‘lyozmalari nusxalari, o‘sha davrga oid tarixiy ashyolarni qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Bu jamiyatda “jaholatga qarshi – ma’rifat” tamoyilini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Bu markaz orqali millatimizning ilm-ma’rifat, madaniyat rivojiga qo‘shgan hissani muhrlab qo‘ymoqchimiz, bu ulug‘ merosni xalqimizga, yoshlarimizga yetkazmoqchimiz. Islom sivilizatsiyasi markazi shu yo‘nalishdagi ilmiy muassasalar uchun fundamental baza bo‘lishi lozim. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidagi o‘quv ishlari bu markaz bilan hamohang bo‘lishi, talabalar yuqori kurslarni shu yerda o‘qib, o‘qituvchilar malaka oshirishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.

183d0940-8597-ff75-29fb-057e14e4dde0.jpg
390837fc-3a9b-bc08-24e0-319ce244d92d.jpg
9f7462af-6bd9-b65e-2e5a-8c9f38fe0473.jpg
a7e19d35-bde5-1a7a-7a2f-6cfe9c4cf2dc.jpg
5dbe7204-6b82-abc4-b9f5-dcca465118e2.jpg
650cccae-2685-e1fa-93b7-b5cd07e81fa4.jpg
9617dfca-04d2-30c3-be24-bb0b8ac3b889.jpg
59d2b883-b570-7849-09d0-b1f0c8e4b25e.jpg
0bddcadd-7a8d-2bbd-5cdd-47dd0e03820e.jpg
da30e075-0924-4557-5e02-edcc2b7cdb37.jpg

 

Matnazar ELMURODOV, O‘zA