Keng ko‘lamli va samarali uchrashuvlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-iyun kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Ostona shahriga keldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Ostona xalqaro aeroportida Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Asqar Mirzaxmetov va boshqa rasmiy kishilar kutib oldi.

Sammitda ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari tashkilotning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb muammolarini muhokama qiladi.

Majlisda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ShHT faoliyatini kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, shuningdek, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Ostona shahrida ShHTning Toshkent sammiti qarorlarini amalga oshirish bo‘yicha Hindiston va Pokistonni tashkilot a’zoligiga qabul qilish jarayoni nihoyasiga yetkazilishi rejalashtirilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHT sammiti doirasida o‘zi uchun ajratilgan qarorgohda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Navoz Sharif, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Navoz Sharif bilan uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Pokistonning ShHTga a’zo davlat sifatida qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlab, tashkilotga raisligi davrida bu masalaga alohida e’tibor qaratdi.

Mamlakatlarimiz xalqaro maydonda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo 50 ga yaqin hujjat imzolangan. Mamlakatimizda Pokiston investitsiyasi ishtirokida 55 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

O‘zbekiston Pokistonga paxta tolasi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, ko‘nchilik xomashyosi, qora va rangli metallar, qurilish materiallari, transport va turizm xizmatlarini eksport qiladi. Pokiston mamlakatimizga dori vositalari, kimyo va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib beradi, transport xizmati ko‘rsatadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Pokiston bilan ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi.

Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif Pokiston O‘zbekiston bilan barcha sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘anining uchrashuvida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlarining urf-odat va an’analari bir-biriga o‘xshash. Ikki davlat o‘rtasida yaqin qo‘shnichilik aloqalari o‘rnatilgan, turli sohalarda samarali hamkorlik qilib kelinmoqda.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal etish, mamlakatda barqarorlikni ta’minlash, iqtisodiyotini rivojlantirish pozitsiyasida qat’iy ekanini ta’kidladi.

Mamlakatimiz Afg‘onistonga elektr energiyasi, meva-sabzavot, neft mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar eksport qiladi. Qurilish, energetika, transport va ta’lim sohalaridagi loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etib kelmoqda. «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Hayratondan Mozori Sharifgacha temir yo‘l liniyasi qurilgan. Mamlakatimiz ko‘magi bilan Afg‘onistonda ko‘priklar, yuqori voltli elektr liniyalari, optik tolali kabel liniyalari, suv ta’minoti tarmog‘i barpo etilgan.

Prezident Ashraf G‘ani Afg‘onistonda barqaror hayotning tiklanishidagi O‘zbekistonning katta hissasi Afg‘onistonda yuksak qadrlanishini ta’kidladi va buning uchun minnatdorlik izhor etdi. 2016-yilda Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining Toshkent sammiti doirasida ikki mamlakat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvida erishilgan kelishuvlarning amalga oshishidan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport kommunikatsiyalari, madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirish istiqbollari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi majlisi munosabati bilan “Ostona opera” Davlat opera va balet teatrida namoyish etilgan konsertni tomosha qildi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining asosiy tadbirlari 9-iyunda bo‘lib o‘tadi.

 

Abu Bakir O‘rozov, Temur Qurbonboyev (surat), O‘zA