Endilikda tovarlarni ulgurji sotish naqd pulda ham amalga oshirilishi mumkin

Yuridik shaxslarga o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni boshqa yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga naqd pulda sotishiga ruxsat berildi.
Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritilgani haqida “Huquqiy axborot” kanali ma’lum qildi.
Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, yuridik shaxslarga o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni boshqa yuridik shaxslarga va yakka tartibdagi tadbirkorlarga naqd pulda sotishiga ruxsat berildi. Ilgari hisob-kitoblar faqat naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi mumkin edi.
Bunda, naqd pul vositasidagi hisob-kitoblar bitta shartnoma doirasida eng kam oylik ish haqining 100 baravarigacha (20 mln. 273 ming so‘mgacha) miqdorda hamda nazorat-kassa mashinalaridan foydalangan holda amalga oshirilishi lozim.
Shu bilan birga, yuqorida ko‘rsatilgan summa doirasida endilikda tovarlarni ulgurji sotish naqd pulda yoki naqd pulsiz shaklida, shu jumladan, plastik kartochkalar orqali ham amalga oshirilishi mumkin. Ilgari tovarlarning ulgurji savdosi faqat naqd pulsiz hisob-kitob asosida amalga oshirilishi lozim edi.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra chakana savdo korxonalari tovarlarni naqd pulsiz sotishi mumkin, lekin bunda naqd pulsiz hisob-kitoblar korxonaning oylik tovar aylanmasi umumiy hajmining 10 foizi doirasida amalga oshirilishi lozim edi.
O‘zgartirishlarga asosan, tovarlarni naqd pulsiz sotishda chakana savdo korxonalari uchun belgilangan mazkur cheklov bekor qilindi.

 

O‘zA