Hayotimiz gultoji, munis ayollarimiz hamisha eʼzozda

Azaldan ayollarga hurmat va ehtirom koʻrsatish, ularga gʻamxoʻrlik qilish milliy qadriyatlarimizning ajralmas qismi sanaladi. Ular bejiz yosharish va yangilanish fasli – bahorga qiyoslanmaydi. Mamlakatimizda lobar, irodali, ishbilarmon, isteʼdodli xotin-qizlar doimo eʼtirof etilib, eʼzozlanadi.
Poytaxtimizdagi “Oʻzekspomarkaz” milliy koʻrgazmalar zalida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
IMG_20190308_102539_582.jpg
Unda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan Vatanimiz ravnaqi yoʻlida samarali mehnat qilayotgan, jamiyat hayotining barcha jabhalarida fidokorona faoliyat olib borayotgan ayollar, iqtidorli qizlar, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus vakillari safidagi xotin-qizlar ishtirok etdi.
Bayram ishtirokchilari dastlab Mustaqillik va ezgulik monumenti – Baxtiyor ona haykali poyiga gul qoʻydi. Poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi.
Tantanali tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, mamlakatimiz xotin-qizlarini tabrikladi.
IMG_20190308_102542_166.jpg
Xalq roziligi, avvalo, muhtarama onalar, xotin-qizlarning roziligi bilan bogʻliqligi, ularning sogʻ-salomat boʻlib, baxtli yashashini taʼminlash barcha islohotlarning asosiy maqsadi va mezoni ekani taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbarining bundan bir yil muqaddam qabul qilingan “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi faoliyatini zamon talabiga monand yoʻlga qoʻyish imkonini bergan boʻlsa, ushbu hujjat bilan “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi mutlaqo qaytadan, yangicha asosda tashkil etildi.
Hujjatga koʻra, xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlashga doir davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini taʼminlash, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi roli va faolligini oshirishga oid amaliy ishlar tubdan takomillashtirildi. Xotin-qizlarning muammolarini oʻz vaqtida aniqlash, yordamga muhtoj boʻlgan va ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarning, shu jumladan, nogironligi boʻlgan ayollarning manzilli roʻyxatlarini tuzish, ularga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatish boʻyicha amaliy ishlar hayotga keng joriy etilmoqda.
Har ikki tashkilot tomonidan bevosita oilalar bilan ishlashga jiddiy ahamiyat berilmoqda. Hududlarda xonadonma-xonadon yurib, oilalar, xotin-qizlarni oʻylantirayotgan dolzarb masalalar chuqur, tahliliy tarzda oʻrganilmoqda. Xotin-qizlarning bandligini taʼminlash, ular oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish orqali oilalar farovonligini yuksaltirish boʻyicha hamkorlikda koʻplab loyihalar hayotga izchil joriy etilmoqda. Oilalarning mustahkamligini taʼminlash maqsadida joylarda “Kelin-kuyov innovatsion maktabi” faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bu boradagi amaliy chora-tadbirlarning barchasi oilalar farovonligi, undagi ijtimoiy, maʼnaviy-axloqiy muhitning barqarorligini taʼminlash, yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirishda muhim asos boʻlib xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda ayollarning davlat va jamiyat hayotida tutgan oʻrni hamda nufuzini oshirish, farzandlarimizni milliy, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, sogʻlom va maʼnan barkamol etib tarbiyalash, yurtimizda olib borilayotgan tub islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, aholi farovonligini yuksaltirish borasidagi ulkan xizmatlari munosib taqdirlanmoqda.
Prezidentimizning 2019 yil 6 mart kuni qabul qilingan “8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, qishloq xoʻjaligi, sanoat, tadbirkorlik, fan-texnika, innovatsiya, taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sanʼat va boshqa sohalarda alohida tashabbus koʻrsatib, samarali mehnat qilib kelayotgan bir guruh ayollar faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlandi. Ular orasida atoqli olimlar, shoir va adiblarning sadoqatli umr yoʻldoshlari ham borligi alohida eʼtiborga molik.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining joriy yil 2 martdagi qaroriga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan yigirma sakkiz nafar qiz aʼlo xulqi, noyob isteʼdodi, zukkoligi, tashabbuskorligi, oʻqishdagi muvaffaqiyatlari hamda taʼlim, fan, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport sohalarida va jamoatchilik faoliyatida erishgan alohida yutuqlari uchun Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ishtirokchi ayollarga yuksak mukofotlarni tantanali ravishda topshirdi.
Bayram sanʼat ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi bilan yakunlandi.

 

Ziyodulla Jonibekov, Aʼlo Abdullayev, Otabek Mirsoatov (surat), OʻzA