Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkin mamlakatlarimiz oʻrtasidagi qoʻp qirrali hamkorlik holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari haqida OʻzA muxbiriga quyidagilarni gapirib berdi:
– Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan mamlakatlarimiz hamkorligining barcha yoʻnalishlari – savdo, investitsiya, zamonaviy texnologiyalar almashish, qishloq xoʻjaligi, gumanitar sohalardagi aloqalarni batafsil muhokama qildik. Bu borada qoʻyilgan qadamlar Oʻzbekistonda yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, ish oʻrinlari yaratish va aholi turmush darajasini yuksaltirishni nazarda tutadi.
Mamlakatlarimiz hamkorligi tobora mustahkamlanayotgani raqamlarda ham sezilmoqda: tovar aylanmasi hajmi ortmoqda, Oʻzbekistonga yangidan-yangi sarmoyador kompaniyalar kirib kelmoqda. Davlatingiz rahbari yanada faol ishlashimiz kerakligini taʼkidladi, chunki hal etilishi lozim boʻlgan masalalar talaygina.
Biz har oyda videokonferensiyalar oʻtkazyapmiz, ularda Oʻzbekiston toʻqimachilik mahsulotlarini Rossiya bozoriga olib kirish, qishloq xoʻjaligi, sanoat kooperatsiyasi kabi masalalar muhokama qilinmoqda. Bu chora-tadbirlar biznesni jadal rivojlantirishda davlat ishtirokini faollashtirish, iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash, hamkorlik yoʻlidagi toʻsiqlarni olib tashlash uchun muhim. Erishilgan natijalar bilan toʻxtab qolmay, olgʻa harakat qilishimiz zarur.
Bugun Oʻzbekiston tubdan oʻzgarayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Rossiya ham shunday murakkab davrdan oʻtgan. Oʻzbekistonning yuksak salohiyati uning yaqin kelajakdagi barqaror iqtisodiy imkoniyatlarini koʻrsatmoqda. Zero, mamlakatingizda nafaqat bugun, balki kelajak uchun ham ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
M.Elmurodov, OʻzA