Mamlakatimizda milliy adabiyotimizga koʻrsatilayotgan cheksiz eʼtibor soʻz sanʼati fidoyilarining betakror merosini puxta oʻrganish, kitobxonlar safini yanada kengaytirish, yoshlarning yaxshi kitobga boʻlgan mehrini tobora kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
1 mart – Oʻzbekiston xalq shoirasi, taniqli jamoat arbobi Zulfiya Isroilova tavalludi kuni munosabati bilan tashkil etilgan maʼrifiy tadbirda bu jihatlar yana bir karra namoyon boʻldi. Tadbirda turli vazirlik va idoralar, xotin-qizlar qoʻmitalari vakillari, yozuvchi va shoirlar, adabiyot muxlislari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Toshkent shahar hokimi oʻrinbosari, shahar xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Dilbar Najmutdinova, Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Mukarram Nurmatova, Yozuvchilar uyushmasi raisining oʻrinbosari, shoir Gʻayrat Majid, shoiralar Zulfiya Moʻminova, Farogʻat Xudoyqulova, Zulfiyaning nabirasi Lola Muhiddinova va boshqalar mamlakatimizda adabiyot ravnaqi yoʻlidagi cheksiz eʼtibor va gʻamxoʻrlik ijod ahlini yanada samarali mehnat qilishga chorlayotganini taʼkidladi.
Yozuvchilar uyushmasi uchun milliy va zamonaviy meʼmoriy uslublar uygʻunligidagi muhtasham bino qurib berilgani, ehtiyojmand ijodkorlar uchun poytaxt markazida koʻp qavatli turar joylar, xushhavo goʻshalarda dam olish maskanlari bunyod etilayotgani, vaqtli adabiy nashrlar, nashriyot-matbaa korxonalari moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasidagi tizimli ishlar adabiyot ahliga koʻrsatilayotgan amaliy gʻamxoʻrlikning yorqin namunasidir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Adiblar xiyoboni bunyod etilib, ushbu fayzli maskanda soʻz sanʼati fidoyilari xotirasiga bagʻishlab yodgorlik majmualari oʻrnatilgani yoshlarning milliy adabiyotimizga boʻlgan mehri va ishtiyoqini tobora oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
…Allaqachon adabiyot muxlislari talpinadigan joyga aylanib ulgurgan fayzli Adiblar xiyoboni yanada oʻzgacha shukuh va tarovat kasb etgan. Bahorning ilk kunida shoira Zulfiya haykali atrofi nafis sheʼriyat muxlislari bilan gavjum boʻldi.
Sevimli shoiramiz betakror isteʼdodi, Vatanga va insonga muhabbat, vafo va sadoqat tuygʻusini, olijanob fazilatlarni yuksak tarannum etgan mukammal badiiy asarlari, ibratli hayot yoʻli, ijtimoiy faoliyati bilan milliy madaniyatimiz, adabiyotimizga katta hissa qoʻshgan ijodkor sifatida xalqimiz qalbidan oʻrin olgan. Zulfiyaxonimning nafis sheʼriyati ona Vatanga, borliq va tabiatga, insonga cheksiz mehr, samimiyat, bahoriy haroratga limmo-limligi bilan qadrlidir. Shoiraning otashin misralari nainki yurtimizda, balki xorijda ham maʼlum va mashhurdir.
Yurtimizda isteʼdod sohibalarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida taʼsis etilgan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti faol, izlanuvchan, isteʼdodli qizlarning orzulariga qanot bagʻishlamoqda. Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi farmoni asosida ushbu mukofotning nufuzini yanada orttirishga oid yangiliklar joriy etildi. Endilikda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti taʼlim, fan, adabiyot, madaniyat, sanʼat, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan oʻn toʻrt yoshga toʻlgan va oʻttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga har yili Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafardan nomzodga berilishi yoʻlga qoʻyildi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshida “Zulfiyaxonim qizlari“ klubining tashkil etilgani isteʼdodli qizlarning oʻzaro fikr almashishi, ustozlar mahoratidan bahramand boʻlishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.
– Yurtimizning har bir qizi Zulfiyadek vatanparvar, mustahkam irodali, teran maʼnaviyatli shaxs boʻlishni orzu qiladi, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi Nodira Gʻoziyeva. – Bunday yuksak mukofotga munosiblik masʼuliyati doim izlanishda boʻlishga, fidoyilikka, jamiyat oldidagi ijtimoiy burchimizni teran anglashga chorlaydi.
Tadbirda ardoqli shoira sheʼrlaridan namunalar oʻqildi. Uning soʻzlari bilan kuylanuvchi qoʻshiqlar ijro etildi. Zulfiyaxonim haykali poyi gullarga burkandi.
* * *
Shu kuni Adiblar xiyobonida Oʻzbekiston Qahramoni, mohir munaqqid, adabiyotshunos olim, ustoz adib Ozod Sharafiddinov tavallud kuni munosabati bilan ham tadbir boʻlib oʻtdi.
Unda milliy adabiyotimiz fidoyisining mehnatlari, ijod yoʻli, asarlarining ahamiyati haqida atroflicha soʻz yuritildi. Soʻlim xiyobondagi ustoz adib haykali poyiga gullar qoʻyildi.
Nazokat Usmonova, Muhammad AMIN (surat), OʻzA