MARKAZIY BANK: 100, 200, 500 soʻmlik banknotalar muomaladan chiqariladi...

Xabaringiz bor, 25 fevraldan respublikamizda 100 ming soʻmlik yangi kupyura muomalaga kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur voqea arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki vakillari tomonidan OAV xodimlari uchun tashkil etilgan seminarda bu nima uchun kerakligi va bundan kutilayotgan natijalar haqida maʼlumot berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki pul muomalasi departamenti direktori Fazliddin Bozorovning maʼlum qilishicha, 100 ming soʻmlik kupyuralarning muomalaga chiqarilishi aholining avtomobil, mebel, maishiy texnika singari yuqori qiymatdagi mahsulotlarni xarid qilishi bilan bogʻliq noqulayliklarga barham beradi. Yangi kupyuraning birinchi vazifasi naqd pul bilan hisob-kitob qilishda qulaylik yaratishdan iborat.
Bundan tashqari, bank kassirlari, xodimlarining mayda pullarni hisoblashdagi qiyinchiliklari kamayadi, oylik maoshlar, pensiya va nafaqalarni tarqatish soddalashadi. Naqd pullarni chiqarish (bosib chiqarish) hamda ularni tashish va saqlash uchun saflanadigan xarajatlar sezilarli darajada kamayadi. Aholiga bankomatlar orqali xizmat koʻrsatish samaradorligi ham oshadi.
2001 yilda 1000 soʻmlik banknotlar muomalaga chiqarilgan edi, besh ming soʻmlik banknotlar esa, 2013 yilga kelibgina muomalaga chiqdi. Yil sayin narxlar oshmoqda, shu bois pul muomalasi jarayonini yengillashtirish, banknotlar sonini qisqartirish zarurati paydo boʻlmoqda.
Soʻnggi yillarda milliy valyuta oʻzining jamgʻarma sifatidagi funksiyasini yoʻqotdi, shuning uchun 100 000 soʻm bu funksiyani qayta tiklashga yordam beradi, chunki bunday kupyuralarni saqlash birmuncha qulay hisoblanadi.
Yirik kupyuralarning inflyatsiyani oshirishga xizmat qiladi, degan xavotirlar oʻzini oqlamaydi, chunki muomaladagi umumiy pul massasi oʻzgarmaydi. Pul massasining tuzilishi oʻzgaradi xolos. 100, 200 va 500 soʻmlik mayda pullar asta-sekin muomaladan chiqariladi va tanga bilan almashtiriladi.
Ikki guruhdagi, yaʼni monetar va nomonetar omillar inflyatsiya jarayoniga taʼsir koʻrsatadi. Hozirgi kunda iqtisodiyotni liberallashtirish, moliya, byudjet-soliq sohalaridagi islohotlar olib borilishi munosabati bilan inflyatsiya jarayonlari yuz berishi tabiiy hol. Biroq bularning bari nomonetar omillar sanaladi.
Shunday qilib, yangi kupyuraning muomalaga chiqishi bilan inflyatsiya darajasi oshmaydi.

 

Munavvar Razzoqova, OʻzA