Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanida konsert dasturi tashkillashtirdi.
Ushbu konsert Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugi targʻibot va tashviqot guruhi tashabbusi bilan Moʻynoq tumani markazidan 115 kilometr uzoqlikda joylashgan hududda mehnat qilayotgan ishchilar maroqli hordiq chiqarishini taʼminlash maqsadida oʻtkazildi.
Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston Prezidentining tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021 yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi doirasida Orolboʻyida ijtimoiy-iqtisodiy holatni, aholi turmush sharoitini yaxshilash, ekologik falokat asoratlarini yumshatish boʻyicha investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, bu kabi konsert dasturlari harbiy sanʼatkorlar tomonidan Qoʻngʻirot tumanida joylashgan maktablarda ham tashkil etildi.
Xorazm viloyati Gurlan tumanida esa Afgʻonistonda boʻlib oʻtgan janglarda ishtirok etgan oʻgʻlonlarning olib chiqilgan kunini nishonlashga bagʻishlangan bayram tadbiri oʻtkazildi. Sobiq ittifoq askarlarining qoʻshni respublikadan olib chiqilganiga 30 yil toʻlishi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda tuman hokimligi, mudofaa ishlar boʻlimi, sud, prokuratura organi xodimlari hamda 255 nafar afgʻon urushi qatnashchisi ishtirok etdi.
Tadbir davomida afgʻon urushi qatnashchilari oʻz xotiralari bilan boʻlishdi. Ularning yigitlik burchini bajarishdagi jasoratlari eʼtirof etildi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.
OʻzA