Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati kengashining majlisi toʻgʻrisida axborot

2019 yil 19 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi.
Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yoʻldoshev olib bordi.
Kengash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn sakkizinchi yalpi majlisini joriy yilning 28 fevral kuni Toshkent shahrida chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qildi.
Senatning yalpi majlisi kun tartibiga olib borilayotgan demokratik islohotlar va oʻzgarishlarning samaradorligini taʼminlashga, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturini ijro etishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasining bir qator qonunlari kiritilgan.
“Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi, “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida”gi, “Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan ayrim toifadagi shaxslar ustidan maʼmuriy nazorat toʻgʻrisida”gi qonunlar shular jumlasidandir. Shuningdek, senatorlar ayrim qonun hujjatlariga hukumat aʼzolarining parlament oldidagi masʼuliyati kuchaytirilishi, ayrim davlat organlari va tashkilotlari faoliyati, jinoyat, jinoyat-protsessual va maʼmuriy qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan, shuningdek, jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarini ham koʻrib chiqadilar.
Shu bilan birga, yalpi majlisda Senat aʼzolari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)ning 2018 yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotni, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2018 yilda huquqiy targʻibot va maʼrifatning holati haqidagi axborotini eshitadilar.
Yalpi majlisda Qashqadaryo viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti ham tinglanadi.
Senatorlar jismoniy shaxslarning koʻchmas mulk obyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish, ularni soliqqa tortishga doir qonun hujjatlari ijrosi holati va bu sohada huquqni qoʻllash amaliyoti, shuningdek, umumtaʼlim maktablari darsliklarining davlat taʼlim standartlari talablariga muvofiqligi yuzasidan hukumat aʼzolariga parlament soʻrovlari yuborish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qiladilar.
Yalpi majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatlariga kiradigan boshqa masalalar ham koʻrib chiqiladi.
Oliy Majlis Senati qoʻmitalari va devonining oʻn sakkizinchi yalpi majlisga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir ishlarini muvofiqlashtirish uchun Kengash tomonidan ishchi guruh tuzildi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati

 

OʻzA