AQShning o'n olti shtati Trampni sudga bermoqchi

AQShning o’n olti shtati prezident Donald Trampning milliy favqulodda deklaratsiyasiga, mamlakatning Meksika bilan chegarasida devor qurilishiga qarshi da’vo arizasi bilan sudga murojaat qildi.

Kaliforniya Bosh prokurori Xaver Berkerning bayonotida keltirilishicha, Tramp ma’muriyati harakatlari mamlakat Konstitutsiyasiga zid.

“Prezident Tramp qonunlarga hurmat bilan qaramayapti”, – dedi Berker. “U chegara inqirozi yo’qligini biladi, uning favqulodda deklaratsiyasi noqonuniy ekanini biladi va u bu ish sudda ko’riladigan bo’lsa yutqazishi mumkinligini ham tan oladi”.

Shuningdek, Berker bundan avvalgi nutqlarida mamlakat shunday ham harbiy soha, falokatlar paytida yordam va boshqa maqsadlarga ko’p pul sarflayotgani haqida aytib o’tgan edi.

Kaliforniya shtatining Prezident idorasiga qarshi da’vo arizasiga Kolorado, Konnektikut, Delaver, Gavayi, Illinoys, Meyn, Merilend, Michigan, Minnesota, Nevada, Nyu-Jersi, Nyu-Meksiko, Nyu-York, Oregon va Virjiniya shtatlari prokurorlari qo’shilgan.

 

O’zA