Nukus shahridagi “Yoshlar markazi”da “Loyihalash va qurilish tashkilotlarining reytinglarda ishtiroki va xatolari” mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, vazirlik huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish respublika markazi mutaxassislari, tadbirkorlar hamda quruvchilar ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish respublika markazi qurilish va kommunal sohani raqamlashtirish faoliyatini olib boradi. Markaz tomonidan yaratilgan platformalar orasida qurilish-pudrat tashkilotlari reytingi alohida ahamiyatga ega. Mazkur tizim inson omilisiz ishlaydi. Asosiy maqsad esa qurilish sohasida shaffoflikni ta’minlash hamda qog‘ozbozlik va korrupsiyaga chek qo‘yishdan iborat.

Maqsad yolg‘on va noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalishini oldini olish, shaffoflik va ishonchlilikni ta’minlash bo‘lgani uchun ham ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish istagidagi har bir tashkilot reytingda ishtirok etishi shart. Aholining  xavfsizligini ta’minlash uchun ham ijtimoiy soha ob’ektlari, xususan maktab, bog‘cha, yo‘l va suv inshootlari qurilishi va ta’mirlanishini munosib nomzodga topshirishda mazkur reyting ko‘rsatkichlariga alohida e’tibor qaratiladi. Eng muhimi, loyihalash va qurilish tashkilotining faoliyat turining samaradorligi va nufuzini belgilaydigan ushbu reytingda ishtirok etish jarayoni sodda va oson shaklda ishlangan. U ortiqcha qog‘ozbozlik yoki ovoragarchilikni talab etmaydi. Tadbirkor Reyting.mc.uz saytidan ro‘yxatdan o‘tib, IIN raqami bilan ariza yuborgan holda reyting ishtirokchisiga aylanadi.

Reytingdagi mezonlar va baholash metodikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan tayyorlanadi. Hozirda reytingda 17 mingdan ortiq korxona ishtirok etmoqda va uning mingtadan ortig‘i Qoraqalpog‘iston Respublikasiga to‘g‘ri keladi.

Qurilish-pudrat tashkilotlari reyting natijalari ishonchlilik toifasi bo‘yicha A, B, C, D darajalarida toifalanadi. DDD reytingi eng past ishonchlilik darajasi sifatida aniqlanadi va yuqori darajadagi xavfni anglatadi, ya’ni ishonchlilik darajasi 7 foizdan 20 foizgacha. AAA reytingi yuqori darajadagi ishonchlilik sifatida tavsiflanadi va minimal xavfni anglatadi, ya’ni ishonchlilik darajasi 85 foizdan 100 foizni tashkil etadi.

Tender savdolari aynan mazkur reyting natijalariga ko‘ra o‘tkaziladi va tabiiyki, unda reytingi yuqori tashkilotlar ustunlikka ega bo‘ladi. Reytingda qurilish-pudrat tashkilotining ishonchliligini aniqlash uchun malakali mutaxassislar, moliyaviy ko‘rsatkichlar, bajarilgan ishlarning sifati, ish tajribasi, texnik baza va raqobatbardoshlik kabi mezonlar asosida ballar belgilangan bo‘lib, yetarlicha ball yig‘ish imkoniyati tashkilotning o‘ziga bog‘liq.

Reyting mezonlariga muvofiq, korxonada maxsus texnikalar mavjud bo‘lganda, korxona hisobotlari, ma’muriy xo‘jalik faoliyati to‘g‘ri tashkil etilganda yuqori reytingga erishishi mumkin. Elektron tarzda tizimga tegishli raqamlar e’tiborsizlik bilan xato kiritilsa, ballar noto‘g‘ri baholanadi va tashkilot ko‘zlangan natijaga erisholmay qoladi.

Tadbir ishtirokchilari bu borada o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA