Ruminiya hukmron koalitsiyasi prezidentlik saylovini 4 may kuni o‘tkazishga qaror qildi. Zarur bo‘lsa, ikkinchi tur 18 mayga belgilanadi. Ushbu ma’lumot matbuot bayonotida keltirilgan.

Mamlakatda o‘tgan yil 1 dekabr kuni uyushtirilgan parlament saylovidan so‘ng Sotsial-demokratik, Milliy liberal partiyalar, vengrlar demokratik ittifoqi va milliy ozchilik vakillari hukmron koalitsiya tuzdi. Kecha yetakchilar 2025 yildagi birinchi uchrashuvga yig‘ildi.

Kelgusi hafta hukumatning shoshilinch hujjati, shuningdek Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan koalitsiya qarorini amalga oshirish rejasi va saylov taqvimi tuziladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 24 noyabrda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida mustaqil nomzod Kalin Georgesku 22,94 foiz ovoz to‘plab, birinchi tur yetakchisiga aylangandi. 19,18 foiz natija bilan ikkinchi o‘rinni egallagan Yelena Laskoni NATO va AQSH bilan hamkorlikni mustahkamlash tarafdoridir.

Afsuski, 6 dekabr kuni Konstitutsiyaviy sud Oliy xavfsizlik kengashi maxfiyligi oshkor qilingan hujjatlar bilan tasdiqlangan jiddiy qonunbuzarlikni bahona qilib, saylov natijasini bekor qildi. Jamoat tashkilotlari, deputatlikka nomzodlar va davlat idoralari murojaatlari ko‘rib chiqilib, shunday qaror qabul qilindi. Prezident Klaus Yoxannis 28 noyabrda o‘tkazgan Milliy mudofaa oliy kengashi yig‘ilishida Ichki ishlar vazirligi va razvedka xizmati saylov kampaniyasi vaqtida qonun buzilgani haqidagi yopiq hisobotni taqdim etdi. Siyosatchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari so‘roviga ko‘ra, bu ma’lumotlar maxfiylikdan chiqarildi.