2025 yilgi davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, viloyat darajasidagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari boshqaruv, moliya va tashkiliy jihatdan zamonaviy ko‘p tarmoqli klinikalar shaklida qayta tashkil etiladi. Shuningdek loyihaga ko‘ra, tibbiyot xodimlari mehnat samaradorligini baholash ko‘rsatkichlari ishlab chiqilib, samaradorlikka erishgan xodimlarga ustama to‘lash rejalashtirilmoqda.

Loyihada tibbiyot va farmatsevtika xodimlari faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ham ko‘zda tutilmoqda. Buni bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

Joriy yilda shifokor qabuliga navbatni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, birlamchi bo‘g‘indagi stomatologiya xizmatini autsorsing asosida xususiy sektorga berish reja qilingan.

2025 yil 1 noyabrga qadar tibbiy sug‘urta mexanizmlari joriy qilinayotgan hududlarda retsept asosida beriladigan dori vositalarini elektron retsept tizimi asosida tayinlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi mumkin.

O‘zA