“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi samolyot bortida o‘zini tutish qoidalariga rioya qilish zarurligi haqida eslatib o‘tdi.
Mahalliy avitashuvchi havo kemasi bortida o‘zini tutish qoidalarini buzish nafaqat yo‘lovchilar xavfsizligiga tahdid solishi hamda noqulayliklar tug‘dirishi, balki parvoz va yerdagi xodimlar uchun qo‘shimcha yuklamalar keltirib chiqarishini qayd etdi. Shu bilan birga, bunday hatti-harakatning hech biri jazosiz qolmasligi eslatib o‘tildi, chunki “Uzbekistan Airways” tartibni buzgan shaxslarni javobgarlikka tortishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ko‘maklashadi.
Misol uchun, 2024 yil 31 dekabr kuni Sochi-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan HY686 reysida yo‘lovchilardan biri alkogol ichimliklar iste’mol qilib, bortkuzatuvchilarning tanbehlariga agressiv javob qaytargan va yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirgan. Shuningdek, u aviakompaniya xodimlariga nisbatan nomaqbul hatti-harakatlarga yo‘l qo‘ygan.
Samolyot yerga qo‘nishi bilan bortga “Toshkent” xalqaro aeroportining Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlari chaqirildi. Ular huquqbuzarga nisbatan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazdi. To‘plangan materiallar sudga taqdim etildi.
Sud qaroriga asosan, ushbu yo‘lovchi O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 41-1 (Shahvoniy shilqimlik qilish) va 187 (Jamoat joylarida alkogol mahsulotini iste’mol qilish) moddalari bo‘yicha aybdor deb topildi. Fuqaroga besh sutka ma’muriy qamoq jazosi va 1 bazaviy hisoblash miqdorida (375 ming so‘m) jarima tayinlandi.
Yodda tuting, aviakompaniya qoidalarini buzish tegishli sanksiyalarga sabab bo‘ladi!
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA