Sog‘lom, axloqiy-ruhiy muhit avvalo, vatanparvarlikdan boshlanadi. Buning isboti taqdirini harbiy soha bilan bog‘lagan yoshlar hayotida, ularning yurish-turish, fikrlashida yaqqol aks etadi. Harbiy xizmatchi yoshlarning bilim va qobiliyatlarini yuzaga chiqarishdek oliy maqsad esa ularda Vatanga xizmat qilishdek burchni yanada mustahkamlashi shubhasiz. Shu ma’noda harbiylar bilimini oshirish maqsadida turli intellektual o‘yinlar, musobaqalar tashkil etilmoqda.
Kuni kecha Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va xodimlari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bayramiga bag‘ishlangan “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi.
Musobaqa doirasida 40 dan ortiq jamoalar g‘oliblik uchun o‘zaro bellashdi. Dastlabki shartlardanoq ishtirokchilar katta qiziqish bilan jarayonga kirishib ketdi.
“Zakovat” intellektual o‘yini yuqori kayfiyat va hayajonli damlarga boy, sog‘lom raqobat ostida o‘tdi. Murosasiz va qizg‘in kechgan mazkur o‘yin yakuniga ko‘ra 3-o‘rin Jamoat xavfsizligi universiteti kursantlarining “The Best” jamoasiga, 2-o‘rin “Qalqon” brigadasining “Femida” jamoasiga va faxrli 1-o‘rin Jamoat xavfsizligi universiteti ofitserlarining “Favorit” jamoasiga berildi.
G‘oliblar diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Mazkur “Zakovat” intellektual o‘yinida 1-o‘rinni egallagan Jamoat xavfsizligi universiteti ofitserlaridan iborat “Favorit” jamoasiga turnirning ko‘chma kubogi tantanali ravishda topshirildi.
N.Rahmonova, O‘zA