2019 yil 15 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi.
Oliy Majlis Senati Kengashi aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasining masʼul xodimlari, vazirliklar, idoralar, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan majlisda fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish masalasi muhokama etildi.
Soʻzga chiqqanlar mustaqillik yillarida mamlakatimizda mahalla instituti fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda ishonchli poydevor va taʼsirchan kuchga aylanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida keng koʻlamli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganini taʼkidladilar. Natijada jamiyat hayotining samarali milliy shakli hisoblangan mazkur noyob tuzilma mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilining amaldagi ifodasi boʻldi va aholining keng qatlamlarini davlat hokimiyati organlari bilan bogʻlab turuvchi mustahkam koʻprikka aylandi. Soʻnggi yillarda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish tizimini takomillashtirish, mahallaning hayotimizdagi oʻrni va taʼsirchanligini yanada kuchaytirish, vakolatlarini kengaytirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Qayd etilganidek, bu galgi fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovi jamiyatni yanada isloh qilish va demokratlashtirish, mamlakatni modernizatsiyalash sharoitida boʻlib oʻtadi. 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, 2018 yilning oktyabrida “Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) saylovi toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Unda fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) uch yil muddatga saylanishi, yashirin ovoz berish, fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi Respublika komissiyasining vakolatlari, fuqarolar vakillarining soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega boʻlgan fuqarolar umumiy sonining kamida 12 foizini tashkil etishi lozimligi kabi yangi qoidalar mustahkamlab qoʻyildi.
Muhokama chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi aʼzolari qayd etganidek, mamlakatimizning 9019 ta mahallasida fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari)ni saylash jarayonida fuqarolarning ishtirok etish konstitutsiyaviy huquqlarini toʻliq roʻyobga chiqarish uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish, saylov jarayoniga yoshlar va xotin-qizlarni keng jalb qilish, saylovning barcha ishtirokchilari amaldagi qonun hujjatlari talablariga, shu jumladan, oshkoralik, muqobillik va teng saylov huquqi tamoyillariga soʻzsiz va qatʼiy rioya etishini taʼminlash, fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) lavozimlariga koʻrsatiladigan nomzodlar, ularning ishchanligi va axloqiy fazilatlari bilan fuqarolarni har tomonlama tanishtirish boʻlajak saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishdagi eng muhim talablar va aniq maqsadga qaratilgan vazifalar hisoblanadi.
Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish zarurligi qayd etildi.
Muhokama yakunlari boʻyicha avvalgi saylovlarda orttirilgan tajriba va qonun hujjatlari talablarini hisobga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovi joriy yil may oyida oʻtkaziladi. Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tadbirlar rejasi, fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) sayloviga doir saylov byulleteni namunasi tasdiqlandi. Shuningdek, Fuqarolar yigʻinlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi respublika komissiyasi tuzilib, uning tarkibi tasdiqlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
OʻzА