Endilikda tugʻilganlikni qayd etish boʻyicha davlat xizmati Davlat xizmatlari markazlari orqali markaz binosida joylashgan fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlinmalari tomonidan koʻrsatiladi. Bu Adliya vazirligining “Huquqiy axborot“ telegram kanalida maʼlum qilindi.
Tugʻilganlikni qayd etish bola tugʻilgan joydagi yoki ota-onasidan birining doimiy yashash joyidagi Davlat xizmatlari markazida ota yoki onaning oʻzi kelgan taqdirda amalga oshiriladi hamda markaz xodimi tomonidan elektron shaklda soʻrovnoma toʻldiriladi.
Soʻrovnomaga tugʻilganlik haqidagi tibbiy maʼlumotnoma, ota-onalarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar, nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnoma ilova qilinishi lozim.
Davlat xizmati uchun amaldagi eng kam oylik ish haqining 15 foizi miqdorida, yaʼni 30 409 soʻm gerb yigʻimi undiriladi.
Markaz xodimi tomonidan hujjatlar rasmiylashtirilib 2 soatda tegishli FHDYO boʻlinmalariga taqdim etiladi. FHDYO boʻlinmalari hujjatlarni olganidan soʻng 2 ish kunida bolaga nisbatan tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini rasmiylashtiradi hamda 1 soatda Davlat xizmatlari markaziga yuboradi.
OʻzA