Joriy yilning 30-oktabr kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining “Samarqand – Istanbul – Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha muntazam havo qatnovi ilk bor amalga oshirildi.
Samarqand xalqaro aeroportida shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda Samarqand shahar hokimi F.Rahimov, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi boshqarma boshlig‘i N.Ayupov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yaqinda Turkiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi davomida mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda, jumladan, fuqaro aviatsiyasi bo‘yicha hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirish borasida muhim kelishuvlarga erishilganini alohida ta’kidladi.
Samarqanddan Istanbulga to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovining yo‘lga qo‘yilgani ushbu kelishuvlarning amaliy natijasi sifatida ikki mamlakat fuqarolariga qulayliklar yaratish, davlatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
– Bir necha yildan buyon samarqandlik tadbirkorlar bilan hamkorlik qilamiz, – deydi turkiyalik Mehmed Otash Yakar. – Shu paytgacha Turkiyaga Toshkent xalqaro aeroporti orqali borib kelardim. Endilikda Samarqanddan Istanbulga havo kemasi qatnovining joriy etilgani men kabi ko‘plab tadbirkorlar uchun katta qulaylik bo‘ldi. Buning uchun davlatlarimiz rahbarlaridan minnatdormiz.
Ushbu yo‘nalishdagi parvozlar hozircha haftaning dushanba kunida amalga oshirilmoqda. Shu yil 16-noyabrdan boshlab esa payshanba kunlari ham bunga qo‘shiladi. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi yangi yo‘nalishda yo‘lovchilarga “Airbus A320” va “Boeing 757” zamonaviy havo laynerlari orqali xizmat ko‘rsatadi.
– “Samarqand – Istanbul – Samarqand” yo‘nalishi bo‘yicha ilk reysning yo‘lovchisi ekanligimdan xursandman, – deydi samarqandlik Aziza Abbosova. – Ayniqsa, bugungi tantanali marosim tom ma’noda tarixiy kun sifatida xotiramizda qoladi. Ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stona aloqalar bundan keyin yana ham rivojlanishi va mustahkamlanishi tarafdorimiz.
“O‘zbekiston havo yo‘llari”ning sahnida 180 ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan “Boeing 757” havo kemasi Samarqand xalqaro aeroportidan Istanbul tomon parvozini boshladi va bu kun milliy avikompaniyamiz tarixidagi muhim sanalardan biri bo‘lib qolishi shubhasiz.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA