Oʻzbekiston davlat konservatoriyasida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Glier nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi hamkorligida nemis musiqasi kechasi boʻlib oʻtdi.

Nemis musiqasining ildizlari uzoq asrlarga tutash. Insoniy tuygʻularni teran va chuqur falsafiy tarzda ifodalashda, musiqaning ilohiy, sehrli taʼsir kuchi, quvvatini tinglovchiga yetkazishda Bax, Betxoven, Brams, Vagner, Veber singari koʻplab kompozitorlarning ijodi muhim oʻrin egallaydi. Motsart, List kabi ijodkor musiqachilar ham nemis mumtoz musiqa sanʼati ravnaqiga munosib hissa qoʻshgan.

Bugungi kunda Germaniyada klassik musiqa sanʼatiga oid koʻplab nufuzli xalqaro festivallar, koʻrik-tanlovlar oʻtkaziladi. Ularda oʻzbekistonlik yoshlar ham faol ishtirok etib, sovrinli oʻrinlarga munosib boʻlayotgani diqqatga sazovor. Glier nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa akademik litseyi oʻquvchilari ham bu borada salmoqli yutuqlarga erishmoqda.

Musiqa oqshomida litsey oʻquvchilari tomonidan nemis kompozitorlarining eng sara asarlaridan namunalar ijro etildi.

 

N.Usmonova, OʻzA