Toshkent Fotosuratlar uyida poytaxtimizda faoliyat boshlagan Beruniy xalqaro maktabi oʻquvchilarining “Inson hayotida ilm-fanning oʻrni” mavzusidagi ijodiy ishlari tanlov-koʻrgazmasi boshlandi. Unda 120 ga yaqin ijodiy ishlar namoyish etilmoqda.

Maktabda ingliz tilida rivojlangan mamlakatlar tajribasi va loyihalari asosida taʼlim berilib, darslar milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz uygʻunligida olib boriladi. Bolalarning jismoniy, aqliy, ijtimoiy, axloqiy, hissiy, intellektual va ruhiy rivojlanishi uchun barcha sharoit mavjud.

– Innovatsion texnologiyalar taʼlim sohasini rivojlantirishda muhim vositadir, – dedi Beruniy xalqaro maktabi oʻqituvchisi Altundal Katerina. – Har bir bola dunyoni oʻzgartirishga qodir ekanini oʻylashi, shunga ishonishi kerak. Maqsadimiz ana shunday qatʼiyatli, zukko yoshlarni tarbiyalash.

Tanlov-koʻrgazma 11 yanvargacha davom etadi.

 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA