Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasida oʻtkazilgan xalqaro seminar shu mavzuda boʻldi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati hamda boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz davlat organlari, YETTB va Xalqaro moliya korporatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Unda mamlakatimizda energiya manbalaridan oqilona foydalanish, bu jarayonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari sektoriga xususiy investitsiyalarni jalb qilishda ishlab chiqilgan huquqiy va meʼyoriy hujjatlar ahamiyati, shuningdek, quyosh va shamol elektr stansiyalarini rivojlantirishda xalqaro investorlarni jalb qilish masalalari muhokama etildi.
Qayd etilganidek, davlatimiz bunday investitsiyalarni jalb qilishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Shunday imkoniyatlardan kelib chiqib, tadbirda toʻgʻri meʼyoriy-huquqiy baza hamda quyosh fotoelektr modullarining qiymatini pasaytirish qayta tiklanuvchi energiyani gʻoyat raqobatdosh sof energiya manbasiga aylantirishi mumkinligi haqida fikr-munosabatlar bildirildi.
– Bugungi seminarda muqobil energiya manbalari va bu jarayonda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan koʻplab davlatlarga taqdim etilayotgan loyihalar haqida batafsil maʼlumotga ega boʻldik, – dedi “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati ilmiy texnika markazi katta ilmiy xodimi Farrux Muxtorov. – Albatta, bu borada tajriba toʻplash va biz uchun ham maqbul boʻlgan loyihalar ustida kelishuvlarga erishish foydalidir. Chunki energiya manbalaridan foydalanishda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda ishlash nafaqat amaliyot uchun, balki nazariy jihatdan mustahkam baza yaratishda katta imkoniyatdir.
– Yangi va qiziqarli mavzuda oʻrtoqlashganimizdan xursandmiz, – dedi YETTBning Rossiya, Kavkaz va Markaziy Osiyo energetikasi va tabiiy resurslari boʻyicha direktori Aida Sitdikova. – Ayniqsa, davlatingiz quyosh energetikasini rivojlantirishga eʼtibor qaratayotgani ahamiyatli. Chunki serquyosh yurtingizning bu borada imkoniyati juda yuqori. Keyingi 10 yil ichida bank oʻz investitsiyalarini, iqlimli moliyalashtirishni qoʻllab-quvvatlash global tendensiyasiga muvofiq, barqaror energetika sohasiga qaratmoqda. Shu bois, u oʻzining har yilgi investitsiyalarining 40 foizini yashil moliyalashtirishga muvaffaqiyatli yoʻnaltirib kelmoqda. Masalan, YETTB mintaqada 100 MVt quvvatiga ega qayta tiklanuvchi energiya manbalari boʻyicha Qozogʻistondagi Burnoye quyosh loyihasi uchun moliyalashtirgani bunga yana bir misoldir.