Goʻzallik bayrami

Mamlakatimizning azim poytaxtida oʻtkazilayotgan Toshkent moda haftaligi haqiqiy goʻzallik bayramiga aylanib ketdi. Yoshlar ijod saroyi moda ixlosmandlari bilan toʻldi.
 
photo5467547845629422058.jpg
Davlatimizning bevosita koʻmagi hamda “Osiyo ramzi“ Oʻzbekiston dizaynerlar uyushmasi tomonidan oʻtkazilayotgan “Toshkent moda haftaligi – 2018“ tadbiridan maqsad moda sanoati sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish va mustahkamlashdir. Tadbir boshlanishida kirish soʻzi aytgan ”Osiyo ramzi” dizaynerlar uyushmasi rahbari Xolida Komilovaning hayajoni, Italiya elchixonasidan tashrif buyurgan mehmonlarning hayrati muxlislarga ham oʻtadi.
  photo5467547845629422059.jpg
Yoqimli va shiddatkor musiqa sadolari ostida italiyalik mashhur dizayner Sabrina Persikinoning mualliflik liboslari namoyishi boshlanadi.
– Liboslarda nafis, nozik va maʼlum monoton ranglardan mohirona foydalanilgan. Dizayner aynan toshkentlik moda ishqibozlarining ruhiyatini anglay olgan, – deydi elchixona vakillaridan biri.
– Albatta, biz Sabrina Persikinoni anjumanga taklif etganimizda undan milliy qadriyatlarimizni hisobga olgan holda liboslar jamlamasi tayyorlashni iltimos qilgan edik. Oʻta iqtidorli va didli dizayner, – deya javob berdi Xolida Komilova.– Uning taqdim etayotgan liboslari dizayn talablariga javob beradi. Ularda samaradorlik, tejamkorlik, texnologik moslik, konstruktivlik hamda badiiy shakllarida obrazlilik, kommunikativlik, shakl mohiyati, texnikaga mosligi, tektoniklik kabi dizayn belgilariga amal qilingan. Buyumning manfaatli foyda keltiruvchi funksiyasi konstruksiyasiga nisbatan talablar yukining oshishiga olib keladi, dizayn mahsulotlari texnika buyumlariga yaqinlashadi. Bu funksiyalardan biri yetishmagan taqdirda buyumni dizayn mahsuloti deyish mumkin boʻlmaydi, u texnik buyumga yoki oddiy bezak narsaga aylanadi. Italiyalik dizaynerning barcha ishlarida paxtadan tayyorlangan gazlamalar qoʻllanilgan. Ularni bizning yengil sanoatimizda ham ishlab chiqarish mumkin.
– Yuksak estetik talablarga ega boʻlgan toshkentlik moda ishqibozlari mening jamlamalarimni yaxshi qabul qildi, – deydi Sabrina Persikino. – Sizlar bilan hamkorlik qilishdan mamnunman.
Xitoy, Hindiston, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlardan kelgan dizaynerlar soha boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazishdi, oʻz ishlanmalari bilan tanlovlarda ishtirok etishdi.
Mehmonlar orasida Ritu Beri – dunyoga mashhur hind dizayneri ham bor. U Scherrer fransuz brendiga rahbar etib tayinlangan birinchi osiyolik dizayner sanaladi. Ritu Beri moda texnologiyalari milliy institutini tamomlagan. Ritu Acustyl jurnali sahifalarida oʻz ilmiy maqolalari bilan dunyo modasi anʼanalarini sharhlagan yagona hind modelyeridir.Uning ”Orasta koʻrinishning 101 usuli” nomli kitobi moda ishqibozlari orasida keng yoyilgan. Moda texnologiyalari milliy instituti boshqaruv kengashi aʼzosi, Savera Association xayriya tashkilotining faxriy rahbari sifatida hind xotin-qizlari hayotini yaxshilash borasida jamoatchilik ishlarini olib boradi.
Toshkent moda haftaligi tadbirlarida Oʻzbekiston dizaynerlari oʻzlarining liboslar jamlamasini muxlislar eʼtiboriga havola etdilar. Ular orasida taniqli dizayner Lola Sayfiy, Dilnoza Erkinova va Dildora Qosimovalarning ishlari koʻpchilik muxlislarni mamnun qildi. Boshqa mutaxassislarimizning mualliflik ishlari ham tahsinga loyiq. Bularning barchasi keyingi paytlarda mamlakatimizda olib borilayotgan tub iqtisodiy islohotlar natijasidir.

photo5467547845629422060.jpg

Toshkent moda haftaligi nafaqat goʻzallik va nafosat anjumani, balki iqtisodiy oʻsish koʻrsatgichi hisoblanadi.Jamiyatning madaniy va iqtisodiy rivojiga omil yaratadi. Shu oʻrinda moda haftaligi bilan bogʻliq baʼzi mulohazalar va oʻy-fikrlarimizni bildirgimiz keldi.
Tashkiliy jihatdan liboslar dizayni mavsumiy xususiyat kasb etadi. Demak, liboslar kuz va qish mavsumi uchun moʻljallab tanlanadi. Janubiy mamlakatlar ham shu qoidaga amal qiladi. Baʼzi dizaynerlarimiz jamlamalarini bir oz yangilagan boʻlsa ham, oʻtgan yilgi moda haftaligida namoyish qilgan liboslar koʻrsatildi. Undan tashqari, rango rang hamda faqat badiiylikni aks ettiruvchi, sanoatda ishlab chiqarish koʻzda tutilmagan liboslar va ularning bezaklari namoyish qilindi. Ularning baʼzilarini sanʼat asari namunasi deb atash ham mumkin, ammo dizayn mahsuloti emas.
Yoshlar ijod uyi foyesida tashkil etilgan milliy brendlarning koʻrgazmalari dizayni ham oʻta ibtidoiy darajada edi. Margʻilonlik toʻquvchi tadbirkorlarning atlas va adras matolari zarur darajada namoyish qilinmagan. Tabiiy shoyi – yupqa, egiluvchan, yaxshi drapiratsiyalanadigan mato boʻlgani bilan uni qayta ishlash va undan foydalanishda muammolar ham yoʻq emas. Bunday matoga alohida yondashuv zarur. Undan kundalik kiyimlar tayyorlashda kamroq foydalangan afzal. Ammo tantanali kunlarda ipak matodan tayyorlangan libos nihoyatda nafis va goʻzallik baxsh etadi.Ammo bu matolarni hamma joyda ishlatish mumkin emas. Baʼzan turli sanʼat dastalari, bolalar dastalari uchun hatto oʻgʻil bolalar, erkak kishilarga ham shohi atlas, adrasdan kamzul va toʻn kiydiradilar. Bu ayollarimiz uchun ota bobolarimiz yaratgan mato, u hatto turli bezaklarga ham muhtoj emas. Qani endi olimlarimiz, toʻqimachilarimiz bu gazlamalarni pishiq, gʻijimlanmaydigan va ayollar kostyumi bop zamonaviy kalavalar bilan taʼminlay olganlarida atlasning bozori chaqqon boʻlib, ulardan butun dunyo dizaynerlari ham oʻz liboslarini yaratishda foydalangan boʻlar edilar, – deydi haftalik qatnashchisi A.Muhsinov.
“Bukhara Brillant Silk” korxonasi ishlab chiqargan sof ipak gazlamalari sifati ancha baland. Krepdeshin, Shifon, Atlas, Krepjorjet, Krepshifon ipak roʻmol va sharflar dunyoning bir qator mamlakatlarida oʻz xaridorlarini topgan. Korxona 2000 turdan ortiq nomdagi toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaradi.
–Korxonamizda pilladan ip yigirishdan tortib to mato toʻqish, tayyor kiyim-kechak tayyorlashgacha boʻlgan barcha jarayonlar bajariladi. Texnologiya va dizayn – konstruksiyalash bosqichlari bir-birini toʻldiradi, – deydi yosh dizayner Surayyo Nazrullayeva. – Men Buxoro texnologiya institutini kompyuter dasturlash mutaxassisligi boʻyicha tugatganman. Hamkasbim Gulnoza Saidova esa shu institutning moʻyna va teriga ishlov berish fakultetini tamomlagan. Albatta, mahoratimni oshirib borib, oʻz brendimni yaratishni orzu qilaman.
Orzuga ayb yoʻq deydilar. Agar “Bukhara Brillant Silk” kompaniyasining yorqin ranglardagi, gʻijim boʻlmas, ekologik toza gazlamalari bilan hindistonlik mashhur dizayner Ritu Beri tanishganida edi, yuz millionlab hind ayollari gʻijimlanmaydigan sarini xarid qilgan boʻlar edi.
“Qorakoʻl lider” oilaviy korxonasi yaratgan qorakoʻl terisidan tayyorlangan mahsulotlar, qishki kiyimlar diqqatimizni tortdi.
– Oilaviy korxonamizda 200 turdagi libos va boshqa buyumlarni tayyorlaymiz. Bu juda serdaromad soha. Dunyoda qorakoʻl qoʻylari yetishtirishda Oʻzbekiston hech qayerdan qolishmaydi. Afrikada, Namibiyada, Afgʻonistonda bu soha keng taraqqiy etgan. Dunyodagi oʻnlab mamlakatlar qorakoʻl terisidan kiyim-kechak tikish bilan shugʻullanadi. Alohida qorakoʻlchilik liboslari modasi festivali oʻtkazilsa, biz ham oʻzimizni koʻrsatish, dunyo tajribasini oʻrganish imkoniga ega boʻlar edik, – deydi oilaviy korxona rahbari Botir Isanov.
Hukumatimiz iqtisodiyot tarmoqlarini zamonaviy va uygʻun rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash, xalqimiz bunyodkorligini yuksaltirish borasida alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatyapti. “Osiyo ramzi“ Oʻzbekiston dizaynerlar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan “Toshkent moda haftaligi – 2018“ tadbirining muvaffaqiyatli oʻtishi bundan dalolat berib turibdi.
Dadaxon Yoqubov,
Oʻzbekiston sanʼat arbobi,
Dilnoza Zuparova,
TDPU dotsenti.

 

OʻzA